Yosh sambochilarimiz jahon chempionatida qatnashmoqda
Bugun, 2-oktabr kuni Gretsiyaning Saloniki shahrida sambo bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati bellashuvlari boshlanadi.
Dunyoning eng kuchli sambochilari ishtirok etayotgan chempionatda Roman Shokirov, Zafar Allabergenov, Ruslan Bektashev, Haydarali Olimboyev murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasining 30 nafar a’zosi o‘z vazn toifalarida ishtirok etadi.

Bugun chempionat dasturiga binoan kun davomida o‘smir yigitlar va qizlar o‘rtasida 16 ta vazn toifasida bellashuvlar o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Jahon chempionatining dastlabki kungi bellashuvlarida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining 7 nafar o‘g‘il va 3 nafar sambochi qizlari o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Gretsiya musobaqalarini o‘zbekistonlik tajribali sambo hakamlari Murodxon To‘rayev va Oybek Fayziboyev boshqarib borishda qatnashmoqda.
Musobaqalar 4-oktabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA