Forum ishtirokchilari - Samarqandda
I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi doirasida xorijiy mehmonlar uchun Samarqand shahriga safar tashkil etildi. Dasturdan tarixiy-madaniy obidalar va zamonaviy ta’lim muassasalari bilan tanishish o‘rin oldi.
Delegatsiya tarkibida Xalqaro universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leons Eder, FISU Bosh kotibi o‘rinbosari Fernando Silva Parente, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Erkin Qodirov, Markaziy Osiyo talabalar sporti federatsiyasi prezidenti Qayrat Qayratullinovich, Mo‘g‘uliston talabalar sporti federatsiyasi Bosh kotibi Jargalsayxan Dorjsuren, Tojikiston talabalar sporti federatsiyasi raisi Shodi Safarov hamda Markaziy Osiyo davlatlari talabalar sporti tashkilotlari vakillari bor.
Tashrif dasturi doirasida mehmonlar «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Samarqand shahridagi Registon, Go‘ri Amir, Bibixonim va Shohi Zinda kabi tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Dasturdan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va yodgorlik majmuasiga tashrif ham o‘rin olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA