Yosh polvonlarimiz jahon chempionatida
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etmoqda.Bosniya va Gersegovinaning Sarayevo shahrida Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqada oltmishga yaqin davlat vakillari o‘n olti vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini Manucher Shirinov, Arslonbek Tojiyev, Behruz Omondavlatov, G‘olibjon Sulaymonov, Jasur Sodiqov, Sherxon To‘raboyev, Olovuddin Jo‘raqulov, Shohrux To‘rayev, Gulnur Murodboyeva va Diyora Keldiyorova himoya qilmoqda.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasidan ma’lum qilinishicha, jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida terma jamoamiz a’zolari ikki bor poytaxtimizdagi Osiyo dzyudo markazida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashgan. Kompleks tarzda kechgan yig‘inda murabbiylar sportchilarning jismoniy, taktik va ruhiy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratgan.