Yosh ofitserlar Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildi
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini to‘qqiz yuz nafar kursant tamomlagan bo‘lsa, ularning qariyb yuz nafarini qizlar tashkil etadi.
E’tiborlisi, 33 nafar kursant imtiyozli diplom bilan tamomlagan bo‘lsa, ularning ikki nafariga muddatidan oldin katta leytenant maxsus unvonlari taqdim etildi.
Bitiruvchilardan 4 nafari Ichki ishlar vaziri stipendiyasi, bir nafari “Jaloliddin Manguberdi” va ikki nafari “Cho‘lpon” stipendiyalariga, 10 nafari “Akademiya a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan. 127 nafari esa milliy va xalqaro tanlovlarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari, kursantlar jahon, Osiyo va respublika miqyosidagi nufuzli sport musobaqalari hamda turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda 30 ta medalni qo‘lga kiritgan.

Bu raqamlar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlarining bitiruv tadbirida qayd etildi.
Tadbirda ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Toshpo‘latov davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonchi, ularni Vatanimizning chinakam oltin fondi sifatida shakllanishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar bugun o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Akademiyada yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar, yaratilgan ulkan imkoniyatlar kursantlarning sifatli ta’lim olishi, o‘z salohiyati va iqtidorini ro‘yobga chiqarishi, turli yo‘nalishlarda yutuqlarni qo‘lga kiritishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kunduzgi ta’lim bakalavriatida ixtisoslik yo‘nalishlari ko‘paytirilib, kadrlarni maqsadli tayyorlashga qaratilgan mutlaqo yangi mexanizmlar tatbiq etildi.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, nufuzli mehmonlar, huquqni muhofaza qilish organlari va harbiy tuzilma rahbarlari tomonidan kursantlarga diplomlar tantanali tarzda topshirildi. Har bir yosh ofitser qo‘liga diplomni olar ekan, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qabul qildi.
Tantanali marsh bilan butun maydonni aylanib chiqqan shaxsiy tarkib oxirgi bor safga tizildi. Akademiyadagi so‘nggi kun, oldinda esa yosh leytenantlarni ulkan mas’uliyatli vazifalar, Vatan tinchligini, xalq osoyishtaligini muhofaza qilishdek sharafli xizmat kutmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA