Shumanaydagi bunyodkorlik ishlari jurnalistlar nigohida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani hokimligining Axborot xizmati tashabbusi bilan hududda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlari va erishilayotgan ijobiy natijalarni keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026 — 2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Oqjap” ovul fuqarolar yig‘ini hududida qurilayotgan 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilish maydonida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi. Mazkur ob’ekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, umumiy loyiha qiymati 5 milliard 858,6 million so‘mni tashkil etadi. Hozirgi kunda “Perspektiva Montaj Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashqi pardozlash, elektromontaj va bino tomini yopish ishlari olib borilmoqda.

Shundan so‘ng media-tur ishtirokchilari “Birleshik” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 27-sonli umumta’lim maktabining yangi binosi qurilish ishlari bilan tanishishdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Inshootning umumiy loyiha qiymati 6 milliard 969,1 million so‘mni tashkil etib, bugungi kunda “Real-Engineer” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan poydevor ko‘tarish ishlari davom etmoqda.

Prezidentimiz tomonidan Shumanay tumanida 2026-yilning davlat dasturlari asosida barcha manbalar hisobidan jami 124 milliard 800 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Shundan davlatimiz rahbarinning 2025-yil 27-dekabrdagi “2026 — 2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tumanda jami 5 ob’ektda 26 milliard 408 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari, 2025-yil 14-avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida 2 ob’ektda 9 milliard 169,1 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-aprel kungi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida “Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yilgi 1-bosqich loyihalariga 6880,86 million so‘m mablag‘ ajratish belgilangan. Shundan “Oqjap” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Donolar” aholi punktidagi ikkita ko‘chani ta’mirlash ishlari bo‘yicha tender savdosi yakuni bilan “Universal Premium Stroy" mas’uliyati cheklangan jamiyati, ushbu aholi punkti hududidagi yana 2 ta ko‘chani ta’mirlash ishlari bo‘yicha tender savdosi yakuni bilan “Dorstroy Formula” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib deb topildi. Tumandagi “Toza bozor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 4 ta ko‘chani ta’mirlash ishlari bo‘yicha tender savdolari orqali qurilish korxonalari aniqlanmoqda.
Bundan tashqari, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi qaramog‘idagi jami 9 mahallada 16 km ichki yo‘lni ta’mirlash ishlari bo‘yicha 2026-yil 4 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda 5,7 km ichki yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasi yotqizib ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek tumanga 357 dona ko‘cha chirog‘ini o‘rnatishga 369 million so‘m mablag‘ ajratish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda 197 dona ko‘cha chirog‘i almashtirildi.
Media-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar qurilish jarayonlari, bajarilayotgan ishlar sifati va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi. Bunday tadbirlar jamoatchilikni hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan xolis va tezkor tanishtirish, shuningdek, axborotning ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari