Kursant va talabalar uchun zamonaviy ko‘nikmalar treningi o‘tkazildi (+video).
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy ta’lim tashkilotlari konsorsiumi bilan hamkorlikda “Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy ta’lim tashkilotlari kursant va talabalarida sardorlik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsion yondashuvlardan kasbiy faoliyatda foydalanish kompetensiyalarini rivojlantirish, shuningdek ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash” maqsadida seminar-trening tashkil qilindi.
Bugungi kunda seminar-treningda Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 5 ta oliy ta’lim tashkilotlari, jumladan, Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining 200 dan ortiq kursant va talabalari faol ishtirok etmoqda.
Seminar treningning birinchi kunida ochilish marosimi va kursant va talabalar bilan turli xil mavzularda psixologik treninglar hamda team working mashg‘ulotlari olib borildi. Mashg‘ulotlar davomida ta’lim muassasasi kursant va talabalari tomonidan o‘zi tahsil olayotgan ta’lim muassasasi haqida qiziqarli taqdimotlar va videoroliklar namoyish qilindi.
Seminar-treningning 2- kunida Davlat boshqaruvi va zamonaviy rahbarlik munosabatlarining eng dolzarb amaliy va ilmiy jihatlari, “Davlat xizmatchisi va zamonaviy rahbarning media-imidjini shakllantirish strategiyalari”, “Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati: Strategik maqsadlar, innovatsion yondashuvlar va xalqaro tajriba, “Raqamli dunyoda kiberxavfsizlik: Davlat xizmatchilari va rahbarlar uchun raqamli gigiyena qoidalari hamda kiberinsidentlar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, Harbiy-kvest amaliy mashg‘ulotlari va “Karaoke-batl” hamda Jasorat nomli Vatanparvarlik ruhidagi filmlar yoshlarga namoyish etildi va film ijodkorlari ishtirokida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Kelgusida seminar trening doirasida Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy ta’lim tashkilotlari kursant va talabalari uchun liderlik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsion yondashuvlardan kasbiy faoliyatda foydalanish kompetensiyalarini rivojlantirishga oid amaliy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi, guruhlar o‘rtasida musobaqalar tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/X3z6XrYrtXI" title="Kursant va talabalar uchun zamonaviy ko‘nikmalar treningi o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdialiyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA