“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining respublika bosqichi yakunlandi
Joriy yilning 18–21-may kunlari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hamda qator vazirlik va idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining 15 yillik yubiley mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi.
Taqdirlash marosimi oldidan ishtirokchilar va mehmonlar uchun harbiy texnika hamda qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, xizmat hayvonlari ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Tadbirning madaniy qismida DXX Chegara qo‘shinlari ansambli xonandalari tomonidan konsert dasturi taqdim qilinib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Ayniqsa, sarhadlarimiz himoyachilari tomonidan xizmat hayvonlari ishtirokida namoyish etilgan chiqishlar katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-29551]
Uch kun davom etgan musobaqa yoshlarning matonati, shijoati va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi. G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning iqtidor va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mazkur musobaqa yoshlarning kelgusida kasb tanlash va harbiy sohaga qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Musobaqani yuqori saviyada tashkil etishga hissa qo‘shgan hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildirilgach, g‘oliblarni taqdirlash marosimi boshlandi. Dastlab, shartlar bo‘yicha yuqori natija qayd etgan ishtirokchilar maxsus diplom va sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi. Shuningdek, musobaqada faol ishtirok etib, shijoat va matonat namunasini ko‘rsatgan qizlarga alohida minnatdorchilik bildirildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining 2026-yilgi respublika (final) bosqichida Jizzax viloyatining “Qalqon” jamoasi mutlaq g‘olib deb topildi. Toshkent viloyatining “Vatanparvarlar” jamoasi 2-o‘rinni, Namangan viloyatining “O‘zbegim o‘g‘lonlari” jamoasi esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar maxsus diplom, kubok, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mayor Farida Bobojonova, Shahzod Yodgorov,
O‘zA