Taekvondochilarimiz Osiyo chempionatini muvaffaqiyatli boshladi
Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining ilk kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun omadli o‘tdi.
Pavel Xan murabbiyligi ostidagi jamoamiz vakillari dastlabki kunning o‘zida 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Quvonarlisi, +73 kilogramm vazn toifasida yurtdoshimiz Svetlana Osipova barcha raqibalarini mag‘lub etdi. Shuningdek, +87 kilogramm vazn toifasida Marat Mavlonov kumush, -54 kilogrammda Jahongir Xudoyberdiyev bronza medali sohibiga aylandi.
Ayni paytda musobaqa bahslari davom etmoqda va O‘zbekiston terma jamoasi vakillari keyingi kunlarda ham sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Ertaga, 22-may sanasida vakillarimizdan Omonjon Otajonov (-58 kg.), Najmiddin Qosimxo‘jayev (-74 kg.), Sofiya Xan (-49 kg.) hamda Jasmina Turlibekova (-73 kg.) bellashuvlarda ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA