Yosh atletlar bahsi qizg‘in o‘tdi
Chirchiq shahridagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi Toshkent viloyati birinchiligi o‘tkazildi. Turli yosh toifalarida o‘tkazilgan ushbu musobaqadan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda yengil atletikani yoshlar orasida ommalashtirish, yangi nomlarni kashf etishdir.
Musobaqaning 60 metr masofaga yugurish bahslarida o‘z yosh toifalarida Zaynab Ahatqulova, Intizor O‘rinbosarova, Sulton G‘ofurjonov va Beknur Abduqodirov marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. 200 va 400 metr masofada esa Yekaterina Cherganseva, Ziyoda Abalova, Irina Levina, Javohir Toshqulov, Abbos Aliyev va Abdumutal Muqimov g‘olib deya e’tirof etildi.
Uzunlikka hamda uch hatlab sakrash bahslarida Nadejda Shustova, Naima Abduvosiqova, Samir Mirtashov va Maksim Seleznev kabi atletlarimiz ikki bor oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bosqon uloqtirishda Dinara Oripova va Otabek Abdullayev o‘z yosh toifalarida chempion bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA