Yong‘indan zarar ko‘rgan tadbirkorga kredit bo‘yicha yengillik berilishi mumkin
Markaziy bank raisi aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida bank xizmatlaridan foydalanish, kredit mablag‘larini jalb etish, moliyalashtirish va tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar yuzasidan kelib tushgan murojaatlar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, har bir murojaat amaldagi qonunchilik, bank tizimidagi tartib-taomillar hamda murojaatchining moliyaviy holati va loyihaning iqtisodiy samaradorligi inobatga olingan holda alohida ko‘rib chiqilmoqda.

Jumladan, tibbiyot xizmatlari ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar xarid qilish maqsadida 10 milliard so‘m miqdorida kredit ajratish masalasini ko‘tardi. Unga kredit ajratish imkoniyati investitsiya loyihasining samaradorligi, tadbirkorning moliyaviy barqarorligi, to‘lov qobiliyati hamda kredit ta’minotiga oid talablar asosida tijorat banki tomonidan baholanishi tushuntirildi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor faoliyat olib borayotgan binoda yong‘in sodir bo‘lgani sababli kreditning asosiy qarzi bo‘yicha to‘lovlarni uch oy muddatga kechiktirish hamda ushbu davrda faqat foiz to‘lovlarini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radi.

Mazkur murojaat yuzasidan tadbirkorning joriy moliyaviy ahvoli, zarar ko‘lami va faoliyatni qayta tiklash imkoniyatlarini chuqur o‘rgangan holda kredit to‘lovlari jadvalini amaldagi qonunchilik hamda bankning ichki tartiblari doirasida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq berildi.
Uchrashuv yakunida har bir murojaat bo‘yicha aniq mas’ullar belgilanib, ularning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash va nazorat qilish vazifasi yuklatildi. Qayd etilganidek, bunday ochiq muloqotlar aholi va tadbirkorlarning bank tizimiga oid muammolarini tezkor hal etish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA