Xalqaro hamkorlik: Qashqadaryo va Navoiyda zamonaviy oqova suv infratuzilmasi yaratiladi
Aholiga munosib turmush sharoitini yaratish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish va hududlarda zamonaviy muhandislik infratuzilmasini barpo etish bugungi taraqqiyotning muhim shartlaridan biridir. Ayniqsa, oqova suv tizimlarini rivojlantirish nafaqat aholi uchun qulaylik yaratish, balki atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va sanitariya holatini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois mamlakatimizda mazkur sohani modernizatsiya qilish, yangi tozalash inshootlari va oqova suv tarmoqlarini barpo etishga qaratilgan yirik loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada xalqaro moliya institutlari va xorijiy hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday hamkorlikning navbatdagi amaliy natijasi sifatida Fransiya taraqqiyot agentligi va Yevropa Ittifoqi ishtirokidagi loyihalar doirasida muhim shartnomalar imzolandi.
Tadbirda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Fransiya taraqqiyot agentligi, qurilish va texnik nazorat kompaniyalari vakillari hamda “O‘zsuvta’minot” AJ rahbariyati ishtirok etdi.
Imzolangan hujjatlar Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish, shuningdek, Navoiy viloyatining Karmana tumanida oqova suv tizimlarini barpo etishga qaratilgan.
Loyihalar doirasida oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish bo‘yicha qurilish shartnomalari, shuningdek, texnik nazorat va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 119 million yevroni tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasidagi qarz bitimi 2022-yil 25-martda imzolangan. Loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Fransiya taraqqiyot agentligi orqali Yevropa Komissiyasi tomonidan 8,15 million yevro miqdorida grant ham ajratilgan.
Qashqadaryo viloyatidagi loyiha Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv xizmatlarini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Bu yerda jami 53 ming kub metr/sutka quvvatga ega ikkita oqova suv tozalash inshooti barpo etiladi. Shuningdek, 521,2 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi, 10 ta nasos stansiyasi barpo etiladi.
Loyiha natijasida 51 ta mahallada istiqomat qiluvchi 240,4 ming nafar aholi oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinadi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri Kitob tumani markazida ilk bor markazlashgan oqova suv xizmatining yo‘lga qo‘yilishidir. Bugungi kunda mazkur hududda markazlashgan kanalizatsiya tizimi mavjud emas. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 63,4 ming nafar aholi oqova suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hududda qamrov darajasi 81 foizga yetkaziladi.
Shahrisabz shahrida esa mavjud tizimni kengaytirish va qamrovni sezilarli oshirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda shaharda oqova suv xizmatlari bilan qamrov 8 foizni, ya’ni 19,6 ming nafar aholini tashkil etadi.
Loyiha yakunlangach, ushbu ko‘rsatkich 86 foizga, ya’ni 177 ming nafar aholiga yetkaziladi.
Bu esa Shahrisabz shahri va Kitob tumanida oqova suv infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish imkonini beradi.
Navoiy viloyatining Karmana tumanida ham oqova suv tizimini kompleks rivojlantirishga qaratilgan ishlar amalga oshiriladi.
Bu yerda 9 ming 800 kub metr/sutka quvvatga ega oqova suv tozalash inshooti, 161 kilometr oqova suv tarmoqlari hamda 5 ta nasos stansiyasi quriladi.
Natijada tumandagi 14 ta mahallada istiqomat qiluvchi 54,9 ming nafar aholining 49,4 ming nafari ilk bor oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinadi. Hududda xizmatlar qamrovi 90 foizga yetkaziladi.
E’tiborlisi, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida Shahrisabz, Kitob va Karmana hududlarida nafaqat yangi oqova suv tarmoqlari hamda tozalash inshootlari barpo etiladi, balki sohada xizmat ko‘rsatishning zamonaviy tizimi shakllantiriladi.
Buning ekologik ahamiyati ham beqiyos. Oqova suvlarni zamonaviy texnologiyalar asosida samarali tozalash orqali suv resurslarini muhofaza qilish, tuproq va suv havzalarining ifloslanishining oldini olish, hududlarning sanitariya holatini yaxshilash uchun mustahkam infratuzilmaviy asos yaratiladi.
Bugun imzolangan shartnomalar “O‘zsuvta’minot” AJning Fransiya taraqqiyot agentligi va Yevropa Komissiyasi bilan hamkorligining navbatdagi muhim bosqichini boshlab berdi. Endilikda e’tibor loyihalarni sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirishga qaratiladi.
Eng muhimi, ushbu loyihalar hayotga tatbiq etilgach, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida yuz minglab aholining oqova suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengayadi. Zamonaviy infratuzilmaning barpo etilishi esa aholi uchun yanada qulay va sog‘lom yashash muhitini yaratish, hududlarning ekologik barqarorligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA