Surxondaryo “yashil” quvvatlar makoniga aylanmoqda
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bunyodkorlari mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Surxondaryo viloyatida navbatdagi gidroenergetik inshoot “Zarchob – 3” kichik va “Zarchob – 3 A” mikro GESni foydalanishga topshirdi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda tuman hokimligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati va mutasaddilari, faollar, nuroniylar, mehnat faxriylari, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

Prezidentimizning 2026-yil 1-maydagi “Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sariosiyo tumanidagi “To‘polang” daryosida qad rostlagan “Zarchob – 3” kichik gidroenergetika inshooti 3,5 MVt, “Zarchob – 3 A” mikro GESi 0,5 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Istiqlolning 35 yilligiga tuhfa qilingan ikkita gidroinshoot 200 million kub-metr tabiiy gazni tejab, viloyatdagi 290 ming xonadonni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Surxondaryo — yirik gidroenergetik salohiyatga ega voha. Viloyatning tog‘li relefi, “To‘polang” daryosi va boshqa suv oqimlari, tabiiy balandliklar farqi hamda gidrologik sharoiti bu yerda gidroelektr stansiyalar barpo etish uchun qulay imkoniyat yaratadi. “Yuqori To‘polang” hududidagi gidroresurslardan samarali foydalanib yangi elektr quvvatlarini yaratish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish va hududning energetik salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, viloyatning gidroenergetika sohasini sezilarli darajada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, to‘qqiz yil muqaddam vohada 30 MVt quvvatga ega bitta gidroelektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqargan bo‘lsa, endilikda GESlar soni 13 taga, quvvati 273,4 MVtga yetdi. Yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 770 million kVt·soatni tashkil etmoqda. Qisqa vaqtda “Zarchob – 1”, “Zarchob – 2”, “Zarchob – 3” GESlari qurilib, foydalanishga topshirilgani vohaning bosqichma-bosqich gidroenergetik quvvatini oshirdi.

“Zarchob-3 A” kichik GESining ishga tushirilishi ham hududning mavjud suv resurslaridan samarali foydalanib, qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi. Katta mablag‘ va mehnat evaziga bunyod etilayotgan yangi gidroenergetik quvvatlarning ishga tushirilishi aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, energetika tizimi barqarorligini ta’minlash va an’anaviy yoqilg‘i resurslaridan foydalanishni kamaytirishga xizmat qiladi.
– Viloyatda bu GESning ishga tushirilgani Surxondaryo gidroenergetikasi taraqqiyotida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi, – deydi “To‘polang GESlar” kaskadi direktori A.Ulug‘ov. – Kaskadimiz asta-sekin mamlakatdagi eng yirik va strategik muhim qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan biriga aylanmoqda. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, gidroenergetika inshootlarimizni endi mahalliy bunyodkorlarimiz barpo etmoqda. Ikkinchidan, daryo suvidan ketma-ket olti marta qayta foydalanilmoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, viloyatning gidroenergetika sohasidagi ishlar “Zarchob GESlar kaskadi bilan cheklanib qolmaydi. Kelgusida “Kishtut” GESlar kaskadida gidroenergetik inshootlar qurilishi boshlanadi. Quvvati 80 MVt bo‘lgan yirik loyiha uchta gidroelektr stansiyasidan iborat bo‘lib, Yuqori To‘polang hududining gidroenergetik imkoniyatlaridan kompleks foydalanishga qaratilgan. Shuningdek, 2032-yilgacha janubdagi viloyatda umumiy quvvati 541 MVt bo‘lgan 42 ta yangi gidroelektr stansiyasini qurish mo‘ljallanmoqda.
Katta hajmdagi bunday bunyodkorlik ishlari viloyatdagi GESlar sonini 55 taga, umumiy quvvatni 814,3 MVtga, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 2,7 mlrd kVt·soatga yetkazadi. Yiliga qariyb 760 million kub-metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqan Sariosiyo tumani hokimi Odil Yoqubov, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Bexzod Amirsayidov va boshqalar mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadr-qimmatini ulug‘lab, aholining munosib hayot kechirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z yuritdi. “To‘polang” daryosida barpo etilayotgan “yashil” energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlar ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tadbir yakunida yangi loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh quruvchi, muhandis va soha xodimlari munosib taqdirlandi.

Shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati Sariosiyo tumanida yashaydigan 12 nafar bolaning sunnat to‘yi munosabati bilan bolajonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi. Sovg‘alar topshirildi.
Xolimo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri