Yo‘llar kengaysa, imkoniyatlar oshadi
Yo‘l infratuzilmasi yaxshi bo‘lsa, shu hudud har tomonlama rivojlanadi. Respublikamizda yo‘l infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholi va transport qatnovi uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratish maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyati Sardoba tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi xodimlari tomonidan davlat ahamiyatidagi D063 avtomobil yo‘lining 12–13 km. oralig‘ida ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
Bundan tashqari Nukus shahri hududidan o‘tuvchi D234 “Nukus – Chimboy – Taxtako‘pir” avtomobil yo‘lining 9,3–14,3 km. qismida ham rekonstruksiya ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Mazkur avtomobil yo‘li avval 12 metr kenglikda bo‘lgan bo‘lsa, rekonstruksiya ishlari yakunlangach yo‘lning umumiy kengligi 24 metrga yetkaziladi. Bu esa transport oqimini sezilarli darajada yaxshilash, tirbandliklarning oldini olish hamda haydovchi va yo‘lovchilar uchun yanada qulay va xavfsiz harakatlanish imkoniyatini yaratadi. Loyiha doirasida avtomobil yo‘lining qatnov qismi zamonaviy talablar asosida kengaytirilib, yo‘l qoplamasi yangilanmoqda.
Shuningdek, piyodalar yo‘laklari, yo‘l yoritish tizimlari, drenaj tarmoqlari hamda transport harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan boshqa infratuzilma ob’ektlari ham barpo etilmoqda.
“A373 avtomobil yo‘lidan – Toshkent shahriga shoxobcha”, ya’ni Ohangaron shossesi avtomobil yo‘lining 44-kilometr qismida joylashgan (Chirchiq daryosi ustida o‘tuvchi) ko‘prikda “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Toshkent viloyati filiali DM tomonidan qurilish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.
Ushbu ob’ektda ayni kunlarda qurilish jarayonining eng murakkab bosqichi, ya’ni temir-beton to‘sinlarni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Nurota tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan mahalliy ahamiyatga ega 85V012 (4K375) “Dehibaland q. – Eski q. – Ajirim q.” avtomobil yo‘lining 2–4 kilometrlari oralig‘ida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu loyihaga asosan yo‘l qatnov qismini yaxshilash, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda aholi uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish maqsadida piyodalar yo‘lagi qurilishi ham olib borilmoqda. Ayni paytda ob’ekt hududida belgilangan reja asosida qurilish-ta’mirlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati Peshku tumanida ham ichki yo‘l uzunligi 1060 kilometrdan oshiq. Mahalliy aholidan tushayotgan murojaat va shikoyatlarni joyida o‘rgangan holda o‘tgan yili tuman yo‘lsozlari jamoasi kuchi bilan hududda tuproqli yo‘lning 73 kilometri to‘liq shag‘allashtirildi, yilning ikkinchi davrida esa 17 kilometrga yaqin yo‘l asfaltlashtirildi. Bu loyihalar uchun yil davomida 5 milliard 186 million so‘m mablag‘ sarflangan.

Tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tasarrufida mahalliy ahamiyatdagi umumfoydalanuv avtomobil yo‘li uzunligi 306 kilometrga teng bo‘lib, joriy yil birinchi yarmida umumiy qiymati 3,5 milliard so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
Shuningdek, yo‘lda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 554 metr piyodalar yo‘lagi qurilib, yuzdan ortiq eskirgan va yaroqsiz yo‘l belgisi yangisiga almashtirilgan. Shu ta’minot va yo‘l belgilari uchun 260 million so‘mdan oshiq mablag‘ sarflangan.
Bundan tashqari, tuman yo‘lsozlari hududdagi jami 86 ta ko‘prikka mas’ul sifatida xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Muhimi, keyingi yillarda yo‘lsozlar tomonidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida yillar davomida qarovsiz qolgan ko‘chalar obod bo‘lib, aholining dardu tashvishlari arib bormoqda.
Shu kunlarda yo‘lsozlar “Yangi bozor” mahalla fuqarolar yig‘inida, mahalliy ahamiyatga ega “80V027” rusumli avtomobil yo‘lining 2 kilometr qismida joriy ta’mirlash ishlarini bajarmoqda. Jumladan, hozirda mazkur yo‘lning 220 metr qismida asfaltlashtirish ishlari bajarilib, aholi va haydovchilar uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoiti yaratildi.
Taxiatosh tumani hududidan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatdagi 95V093 “D154” avtomobil yo‘li (10 km.dan) – Taxiatosh shahri – “Keneges” OFY markazi yo‘lining 3–4 km. qismida ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu ishlar Taxiatosh tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qorao‘lbozor tumanining “Bo‘zachi” mahallasida chang va loy ko‘chalar o‘rnini tekis va ravon yo‘llar egalladi. Tuman Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi tomonidan mahalliy ahamiyatdagi 80V185 “A380 avtomobil yo‘li (159 km.dan) – Bo‘zachi q.” avtomobil yo‘lining 2–4 km. oralig‘i ta’mirlash dasturlari asosida ta’mirlandi. Mahalla ichki yo‘llarini asfaltlash va shag‘allashtirish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Yo‘llar islohoti bo‘yicha hududlarda amaliy ishlar davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA