“Silk Road Tashkent 2026” ommaviy yugurish musobaqasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilindi
Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “Silk Road Tashkent – 2026” xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir mavsumning eng ommaviy sport loyihalaridan biri sifatida minglab ishtirokchilarni bir maydonga jamladi.
Musobaqada professional sportchilar, talabalar, yugurish klublari a’zolari, bolali oilalar hamda sog‘lom turmush tarziga qiziquvchilar ishtirok etdi. Umumiy hisobda 3 mingdan ortiq kishi startga chiqdi.
Ishtirokchilar 5 va 10 kilometrlik masofalarda o‘z kuchlarini sinab ko‘rdi. Shuningdek, dastur doirasida “Nordic Walking” yo‘nalishi hamda bolalar uchun mo‘ljallangan “Kids Run” ommaviy yugurish musobaqasi ham tashkil etildi. 2024-yildan buyon mamlakat bo‘ylab o‘tkazib kelinayotgan “Talaba Yugur” talabalar ommaviy yugurish loyihasi ham dasturning alohida qismi sifatida o‘rin oldi.

Start shaharchasi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tashkil etildi. Ertalabdan bu yerda musiqa sadolari yangradi, hamkorlar pavilonlari, sahna maydoni va shaxsiy buyumlarni saqlash nuqtalari faol ishladi. Start oldidan ishtirokchilar umumiy jismoniy qizish mashqlarini bajardi, bu esa tadbirga ommaviylik va jonli muhit bag‘ishladi.
Ko‘plab ishtirokchilar musobaqaga oilaviy tarzda tashrif buyurdi. “Kids Run” yakunlanganidan so‘ng, bolalar medallari bilan suratga tushib, tadbir xotiralarini uzoq vaqt davomida eslab qoldi.
Tadbir Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Shuningdek, “O‘zbektelekom” AJ, “ASTERIUM” AJ, “UZAUTO MOTORS” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki start hamkorlari sifatida ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi direktori Shuhrat Usmonovning ta’kidlashicha, bunday loyihalarda professional sportchilar bilan bir qatorda oddiy fuqarolar, talabalar va oilalar ishtirok etayotgani ommaviy sport madaniyati rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashkilotchilar tomonidan 5 va 10 kilometr masofalarda g‘olib va sovrindorlar uchun kengaytirilgan mukofot jamg‘armasi joriy etildi. Jami 12 ta sovrinli o‘rin bo‘yicha sportchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. 10 kilometr masofada birinchi o‘rin uchun 6 million, ikkinchi o‘rin uchun 5 million, uchinchi o‘rin uchun 4 million so‘m miqdorida mukofot belgilandi. 5 kilometr masofada esa mukofotlar mos ravishda 3,5 million, 3 million va 2,5 million so‘mni tashkil etdi.
“Kids Run” yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan bolalarga ham hamkor tashkilotlar tomonidan maxsus sovg‘alar topshirildi.
Tadbirdan ikki kun oldin “Tashkent City Mall” hududida EXPO zonasi faoliyat boshladi. Unda ishtirokchilar start paketlarini qabul qilib oldi, dastur bilan tanishdi hamda tashkilotchilar bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Silk Road Uzbekistan” turkumi doirasida shu kunga qadar Nukus, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarida tadbirlar o‘tkazilgan. Navbatdagi start 24-may kuni Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tadi va unda ilk bor yarim marafon tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA