Velotrekchilarimiz “Silk Way Series Astana 2026” da 3 ta medalni qo‘lga kiritdi
Qozog‘istonning Ostona shahrida velotrek bo‘yicha “Silk Way Series Astana 2026” xalqaro musobaqasining ikkinchi bosqichi yakunlandi. Quvonarlisi, unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etib, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasidagi “omnium” dasturida yurtimiz vakili Sergey Rostovsev yuqori natija qayd etib, musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi. Mazkur yo‘nalishda neytral maqomda qatnashgan Ilya Savekin g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qozog‘istonlik Alisher Jumakan uchinchi o‘rindan joy oldi.

Ayollar o‘rtasidagi “omnium” bahslarida esa O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nafosat Qoziyeva kuchli uchlikdan o‘rin egallab, bronza medali sohibasiga aylandi. Birinchi va ikkinchi o‘rinlar neytral maqomda ishtirok etgan Palina Konrad hamda Valerina Valgonenga nasib etdi.
Shuningdek, yosh velopoygachilarimiz Samira Ismoilova va Asal Rizayevadan iborat juftlik “Madison” dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Hamyurtlarimiz birinchi bosqichdagi natijalarini yaxshilab, bu safar kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu yo‘nalishda qozog‘istonlik Angelina Burenkova va Karina Abdurahmanova g‘olib deb topildi. Bronza medallari esa Milana Kotelnikova va Alina Vanglinskaya juftligi hisobiga yozildi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA