Yo‘l qurilishida 31,36 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar aniqlandi
2026-yilning to‘qqiz oyida 492 ta holat bo‘yicha sifatsiz bajarilgan ishlar qiymatini to‘lovdan chiqarish yuzasidan buyurtmachilarga talabnomalar kiritildi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi Axborot xizmati rahbari Firdavs Xayriddinov brifingda ma’lum qildi.
Shu davrda o‘tkazilgan 1 ming 968 ta nazorat tadbirida 5 ming 815 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Ularning 5 ming 531 tasi yo‘l-qurilish ob’ektlariga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 284 tasi yo‘lni o‘zboshimchalik bilan qazish, sun’iy notekislik va to‘siqlar o‘rnatish hamda qazilgan joylarni tiklash bilan bog‘liq.
Qayd etilishicha, yo‘llardagi noqonuniy qazish ishlarini sun’iy yo‘ldoshlar va aerokosmik texnologiyalar yordamida masofadan turib aniqlanadi. Ushbu jarayon Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi. Yo‘l-qurilish ob’ektlarini ro‘yxatga olishdan foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan nazorat jarayonlari “Yo‘l sifat nazorati” axborot tizimi orqali yuritilmoqda. Ko‘rsatmalar, taqdimnomalar va ma’muriy bayonnomalar ham shu tizimda shakllantiriladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti 3 karra o‘sdi. 2030-yilga borib uning hajmini 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa yo‘l-transport va logistika infratuzilmasini iqtisodiyotning o‘sish sur’atlariga muvofiq rivojlantirishni talab etadi. Bugun O‘zbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘l o‘tadi. Ularning 30 foizi to‘liq quvvatda, yana 25 foizi ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA