Jizzaxda aholi muammolari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova ishtirokida fuqarolar va tadbirkorlar murojaatlariga bag‘ishlangan sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etgan qabulda aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati uchun tegishli litsenziyalar olish, yer maydonlarini auksionga chiqarish hamda ularning joylashuvini o‘zgartirish kabi masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Muloqot davomida har bir murojaat mas’ullar ishtirokida o‘rganilib, ularga huquqiy tushuntirishlar berildi. Imkon qadar masalalarni joyida hal etishga e’tibor qaratildi.
– Ikki nafar o‘g‘limni mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirishda amaliy yordam so‘rab keldim, - deydi Mohira Ermatova. – Murojaatim tinglanib, ularning sohaga qarashli korxonalarda ish bilan ta’minlanishi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bu men uchun muhim masala edi.
[gallery-32114]
Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Ularning ijrosi vazirlik nazoratiga olindi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA