Korrupsiyaga qarshi kurash: Ochiqlik va OAV hamkorligining ahamiyati
Toshkent viloyatida 22-23-oktabr kunlari hududiy korrupsiyaga qarshi kurashish kengashlari a’zolari uchun o‘quv treningi o‘tkazildi. Unda ochiqlik va jamoatchilik nazorati orqali korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Trening Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash» qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarning birinchi kuni hududiy kengashlarning huquqiy maqomi, vakolatlari, vazifalari va ish faoliyatini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, mas’ul idoralar bilan hamkorlik qilish va qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish mexanizmlarini muhokama qildi.

Ikkinchi kuni esa asosiy e’tibor davlat organlari faoliyatida ochiqlik, jurnalistlar bilan hamkorlik va jamoatchilik nazoratining korrupsiya holatlarining oldini olishdagi o‘rniga qaratildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, mediatrener Nozima Toshpo‘latova ishtirokchilarga davlat idoralarining axborot berish mas’uliyati, tanqidiy materiallarga munosabat bildirish, OAV xabarlarini tahlil qilish va jamoatchilik bilan samarali muloqot o‘rnatish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Xususan, davlat xaridlari, byudjet mablag‘lari sarfi, xizmat safarlari xarajatlari va boshqa ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning ochiq bo‘lishi korrupsiyaviy xavflarni erta aniqlashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
N.Toshpo‘latovaning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlikni faqat ma’lumot e’lon qilish bilan cheklab bo‘lmaydi.
—Biz korrupsiyaga qarshi kurashish deganda ko‘pincha jinoyatni fosh qilish, aybdorlarni aniqlash va jazolashni tushunamiz. Albatta, bu ham muhim. Lekin korrupsiya sodir bo‘lishining oldini olish undan ham muhimroq. Buning uchun davlat idoralari ochiq ishlashi kerak. Odamlar byudjet mablag‘lari qayerga sarflanayotganini, davlat xaridlarida kimlar g‘olib bo‘layotganini, qarorlar qanday qabul qilinayotganini bilishga haqli. Ba’zan jurnalist oddiy bir ma’lumotni olish uchun haftalab ovora bo‘ladi. Vaholanki, bu ma’lumot avvaldan ochiq e’lon qilingan bo‘lishi kerak. Axborotning yetishmasligi turli shubhalarga sabab bo‘ladi.
Ochiqlik — faqat saytga hisobot joylashtirish emas. Bu jurnalistning noqulay savoliga ham javob bera olish, tanqidni eshitish, kamchilikni tan olish va uni bartaraf etishga tayyor bo‘lishdir. Jurnalistlarni davlat idoralarining raqibi emas, balki jamoatchilik nazoratini ta’minlashdagi hamkori sifatida ko‘rish kerak. Chunki har ikki tomon ham jamiyatdagi muammolarni aniqlash va ularga yechim topishdan manfaatdor bo‘lishi lozim, — deydi Nozima Toshpo‘latova.

Trening davomida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlarda ham qatnashdi.

Ikki kunlik trening yakunida ishtirokchilar hududiy kengashlar faoliyatida ochiqlikni kuchaytirish, axborot almashinuvini yaxshilash, jamoatchilik va OAV bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni muhokama qildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat qonunbuzarlikka munosabat bildirish emas, balki uni keltirib chiqaradigan sabab va sharoitlarni bartaraf etishdan ham boshlanadi. Ochiqlik esa bu jarayonning muhim shartlaridan biridir.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA