Yo‘l qurilishi taraqqiyot va farovonlik omili
Yo‘llar mamlakat iqtisodiyoti va aholi turmush darajasini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Sifatli yo‘llar transport harakatini yengillashtirib, vaqt va xarajatlarni tejashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, hududlarning o‘zaro bog‘lanishini mustahkamlab, savdo-sotiq va turizm rivojiga keng imkoniyat yaratadi.
Keyingi yillarda yurtimizda avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilayotgan yo‘llar harakat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, aholi uchun qulayliklar yaratmoqda. Ayniqsa, qishloq va chekka hududlardagi ichki yo‘llarning yaxshilanishi fuqarolarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilmoqda.
Yo‘l qurilishi jarayonida sifat va mustahkamlikka alohida e’tibor berilayotgani yanada ahamiyatli. Yo‘llarni bunyod etishda zamonaviy texnika va qurilish materiallaridan foydalanilishi esa ularning uzoq yillar xizmat qilishini ta’minlaydi, albatta.
Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Ashraf” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 1 gektar yer maydonida asfalt yo‘l qoplamasi ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilganiga 7 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida korxonaning ahil jamoasi tomonidan tumanning 164 kilometr masofasidagi yo‘llari ravon bo‘lishiga hissa qo‘shilib, asfalt yo‘l qoplamasi yetkazib berildi.
– Umumiy qiymati 3,75 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyihamizning 1,7 milliard so‘mi korxona hissasiga to‘g‘ri kelsa, qolgan 1,3 milliard so‘mi bank krediti sanaladi, – deydi “Ashraf” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Hasan Sohibov. – Bugungi kunda korxonamiz tomonidan soatiga 60 tonna, bir kunda esa 1,5 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mazkur korxonamizda 33 nafar mahalliy aholining ish bilan bandligi ta’minlangan. Zavodimiz nafaqat Nurota tumani, balki G‘ozg‘on shahri hududidagi yo‘llarni asfaltlashtirishga ham munosib ulush qo‘shib kelyapti.
Ushbu ob’ekt faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi Nurota tumani hududida yo‘lsozlik sohasi taraqqiyotiga xizmat qilib, bu boradagi xarajatlarning kamayishini ham ta’minlamoqda. Sababi, xomashyo ham, tayyor mahsulot ham endi shu yerning o‘zida. Asfalt tayyorlash uchun talab etiladigan xomashyo tumanning “Chuya” hududida joylashgan korxonaga tegishli 10 gektar maydondagi karerdan olib kelinadi.
Darhaqiqat, yo‘l qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakat taraqqiyoti, iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Sifatli yo‘llar esa ravnaq va taraqqiyot sari ishonchli qadamdir.
Tajribali tadbirkor Hasan Sohibov boshqaruvidagi qurilish va bunyodkorlikka yo‘naltirilgan tadbirkorlik tarmog‘i faoliyat boshlaganiga ayni damda 30 yil to‘ldi. Korxona keng tarmoqli bo‘lib, nafaqat yo‘lsozlik sohasi, balki bunyodkorlik, qurilish, ishlab chiqarish yo‘nalishlarida ham samarali faoliyat ko‘rsatib kelyapti.
Bugun korxona tizimidagi qurilish-bunyodkorlik tarmoqlarida jami 154 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilishyapti.
[photobank-30050]
Korxona tomonidan birgina 2025-2026-yillar davomida Nurota tumanining G‘afur G‘ulom mahallasida 7-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi, Soykechar qishlog‘ida 90-o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi, G‘ozg‘on shahrida zamonaviy sport zal, 6-umumta’lim maktabiga qo‘shimcha bino qurildi hamda 57 kilometr ichki yo‘llar asfaltlashtirildi. Bu kabi yirik loyihalar va bunyodkorlik ishlari esa fidoyi jamoa hamda 13 ta zamonaviy texnikalar yordamida amalga oshirildi.
Ayni paytda ham Nurota tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ijrosida mazkur korxona jamoasi munosib hissa qo‘shishga bel bog‘lagan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari