Sirdaryoda media markaz ochildi
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida viloyat jurnalistlari, blogerlar, matbuot kotiblari hamda media sohasi vakillari uchun muhim ahamiyatga ega qaror qabul qilindi. Endi Sirdaryoda zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini o‘zida mujassam etgan yangi media markaz faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonuni hamda Prezidentning 2026-yil 7-apreldagi «Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati hokimining qarori bilan viloyat hokimligi Axborot xizmati huzurida Ixtisoslashgan media va raqamli texnologiyalar markazi tashkil etildi.

Bu oddiy tashkiliy o‘zgarish emas. U davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada mustahkamlash, aholi bilan zamonaviy kommunikatsiya mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda axborot siyosatini raqamli texnologiyalar asosida yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim institutsional yechimdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni kuchaytirish va raqamli platformalar imkoniyatlaridan keng foydalanish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan mazkur markaz ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Markaz "Sirdaryo Media Digital Center (SMDC)" brendi ostida faoliyat yuritadi. U zamonaviy foto va videokontent tayyorlash, davlat tashkilotlari uchun media mahsulotlar ishlab chiqish, veb-saytlar va mobil ilovalar yaratish, ijtimoiy tarmoqlar monitoringini amalga oshirish, PR va kommunikatsiya strategiyalarini ishlab chiqish, koll-markaz xizmatlarini tashkil etish hamda sun’iy intellekt asosida raqamli yechimlarni amaliyotga joriy etish kabi vazifalarni bajaradi.
Markaz faoliyatining yana bir muhim jihati — uning davlat byudjetiga qo‘shimcha yuklamasiz ishlashidir. U o‘zini o‘zi moliyalashtirish mexanizmi asosida davlat va xususiy sektorga shartnoma asosida yuqori sifatli media va raqamli xizmatlar ko‘rsatadi. Bu muassasaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash bilan birga, bozor talablariga mos innovatsion xizmatlarni rivojlantirish imkonini ham beradi.
Yangi markazning tashkil etilishi jurnalistlar va matbuot xizmatlari faoliyati uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Endi axborot materiallarini zamonaviy formatlarda tayyorlash, multimedia jurnalistikasini rivojlantirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda tezkor va sifatli kontent ishlab chiqarish uchun yagona professional maydon shakllanadi.

Bu, ayniqsa, raqamli media jadal rivojlanayotgan bugungi kunda hududiy jurnalistika raqobatbardoshligini oshirish, davlat idoralari va jamoatchilik o‘rtasida samarali axborot almashinuvini ta’minlash hamda aholining ishonchli axborotga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, mazkur qaror Sirdaryo viloyatida media sohasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish va davlat axborot siyosati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sirdaryo viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi Manuchehr Мiрзаевнiнг ta’kidlashicha, ushbu qaror Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida Sirdaryolik jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari va butun axborot sohasi vakillari uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.

— Bugun axborot sohasida tezkorlik, professionallik va raqamli texnologiyalar bilan hamnafas ishlash davr talabi hisoblanadi. Ixtisoslashgan media va raqamli texnologiyalar markazining tashkil etilishi ham ana shu ehtiyojdan kelib chiqqan muhim tashabbusdir. Markaz, avvalo, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholi bilan samarali kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yish hamda axborot xizmatlarini zamonaviy texnik va intellektual yechimlar bilan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
E’tiborli jihati shundaki, markaz faqat mediakontent tayyorlash bilan cheklanmaydi. U ijtimoiy tarmoqlar monitoringi, 1428 ishonch telefoni va virtual qabulxona faoliyatini muvofiqlashtirish, raqamli loyihalarni amalga oshirish, davlat hamda xususiy sektor uchun professional media xizmatlarini ko‘rsatish kabi qator yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Yana bir muhim jihati — markaz davlat byudjetiga qo‘shimcha yuklamasdan, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tamoyili asosida ishlaydi. Bu bozor talablariga mos, raqobatbardosh va innovatsion xizmatlarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ishonchim komilki, "Sirdaryo Media Digital Center" nafaqat Sirdaryo viloyati, balki respublikada hududiy media infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazlaridan biriga aylanadi. Bu markaz jurnalistlar, matbuot kotiblari va kontent yaratuvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, davlat axborot siyosati samaradorligini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri