Soliq tizimidagi o‘zgarish va imtiyozlar
Andijonda “Soliq ma’murchiligini raqamlashtirish: tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Viloyat soliq boshqarmasi tomonidan soliq tizimi mutaxassislari, elektron va bosma ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etgan anjumanda mamlakatimiz soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari, tizimdagi yangiliklar, soliq to‘lovchilar uchun yaratilgan imtiyoz va afzalliklarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlikni jadal rivojlantirishdagi ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimiz soliq-byudjet siyosatidagi o‘zgarishlar, xususan, xo‘jalik sub’ektlari daromadlariga nisbatan soliq yukini pasaytirish, soliq qonunchiligini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil olib borilayotganligi ta’kidlandi.


Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Asrorbek Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26-maydagi “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida gapirdi.
Jumladan, kichik biznes sub’ektlari uchun soliq to‘lash tartiblarini yanada qulaylashtirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligini soddalashtirish orqali biznesning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida qabul qilingan mazkur farmon tadbirkorlarni qiynab kelayotgan, ularning ochiq va shaffof faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan qator masala va muammolarni yechimini topishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishlariga to‘sqinlik qilayotgan qator holatlarga chek qo‘yish maqsadida 2026-yil 1-iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdor 1 milliard so‘mdan qariyb 5 milliard so‘mgacha oshirilishi belgilandi.
Ushbu o‘zgarishdan tadbirkorlar xursand, albatta. Ayni paytda viloyatda yillik tovar aylanmasi 5 milliard so‘mdan kam bo‘lgan 13 ming 171 ta soliq to‘lovchi xo‘jalik sub’ekti bo‘lib, endilikda ular ixtiyoriy ravishda aylanmadan olinadigan soliq to‘lash rejimiga o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyati umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlarga QQSni hisoblash va to‘lashning 12 foizli stavkasi bilan birgalikda soddalashtirilgan tartibini qo‘llash huquqi ham berildi.
Soddalashtirilgan tartibda ushbu sohalar uchun QQS stavkasi 6 foiz belgilanib, foyda solig‘idan ozod qilgan holda hisobot topshirish majburiyati bekor qilindi.
Anjumanda jurnalistlar soliq to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyoz va qulayliklar, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Anjuman yakunida soliq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, ularning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, soliq organlari faoliyatini yoritishdagi samarali hamkorligi uchun bir guruh jurnalist va blogerlar soliq boshqarmasining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari