Yilning eng yaxshi tarbiyachilari aniqlandi
Ma’rifiy tanlovlar nima uchun o‘tkaziladi? Sohada mehnat qilayotgan eng faol, fidoyi va zahmatkash mutaxassislarni aniqlashdan tashqari, bunday tanlovlar o‘zaro fikr va tajriba almashish, eng yaxshi ish metodikalarni ommalashtirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan “Yil tarbiyachisi” tanlovi ayni ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan diqqatga sazovor.
Poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2026” respublika tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Aytish kerakki, ushbu ma’rifiy tanlovning eng muhim jihati maktabgacha ta’lim tizimida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va tarbiyachilarning kasbiy mahoratini oshirishdan iborat.
Tanlovning tizim va pedagoglar uchun asosiy foydali jihatlari iqtidorli tarbiyachilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘ladi. Ishtirokchilar o‘z ustida ishlaydi va yangi pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirishga intiladi.

Mazkur loyiha respublika miqyosidagi eng yaxshi metodikalar va mahorat darslari bilan tanishish imkonini yaratadi. Pedagoglarning ijodiy salohiyati va notiqlik mahorati yuzaga chiqadi. Bolalar bilan ishlashda yangi va zamonaviy uslublarni qo‘llash bog‘chalardagi ta’lim-tarbiya sifatini yuqori bosqichga ko‘taradi.
Tanlov davomida yaratilgan eng yaxshi ko‘rgazmali qurollar va loyihalar boshqa bog‘chalar faoliyatiga ham tatbiq etiladi. Bu esa jamiyatda tarbiyachilik kasbining obro‘si va mavqeini yanada oshiradi.
G‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim yuqori saviya va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova ushbu tanlovda bu yil 19 ming nafardan ortiq tarbiyachi-pedagog ishtirok etganini ta’kidladi.
Bugun yurtimizda 39 mingga yaqin maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib, ularning salmoqli qismini nodavlat va oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etadi. Ayni paytda sohada 250 ming nafardan ortiq pedagog-tarbiyachi mehnat qilmoqda.

— Bolalarga dastlabki bilimlarni berishda tarbiyachilarning hissasi beqiyos, — dedi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova. — Ustozlar hech qachon o‘z yutuqlari bilan maqtanmaydi, ular shogirdlari yutuqlaridan faxrlanadi. Shu ma’noda mamlakatimizda ko‘plab yosh va iqtidorli kadrlar yetishib chiqayotgani ushbu tanlov orqali yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Xabar qilinganidek, joriy yilning aprel–may oylarida tanlovning tuman (shahar) va hududiy bosqichlari o‘tkazildi. Unda soha mutaxassislari faol ishtirok etdi.
Tanlovda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mutaxassislari “Eng namunali direktor o‘rinbosari”, “Eng yaxshi o‘yin orqali ta’lim beruvchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi”, “Raqamli va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi”, “Ma’naviy qadriyatlar tarbiyachisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha mahoratlarini namoyish etdi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari esa “O‘yin orqali bolalarni rivojlantiruvchi ijodkor tarbiyachi”, “Eng namunali tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini ko‘rsatdi.
— Bolalar bilan boladek muomala qilaman, — dedi tanlov g‘oliblaridan biri, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi 66-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Oynisa Obidova. — Bog‘chada men ham bolaga aylanaman. Mashg‘ulotlarda ularni telefondan chalg‘itishga, milliy hamda miya rivojiga oid o‘yinlarni uyg‘unlashtirishga harakat qilaman.
Tantanali tadbirda tanlovning respublika final bosqichining 24 nafar g‘olib va sovrindori bir martalik pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, oliy ma’lumotli g‘oliblarning malaka toifasi bir pog‘onaga oshiriladi, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan g‘oliblar esa oliy ta’lim muassasalarining “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishiga kirish imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilinishi bo‘yicha imtiyozga ega bo‘ladi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri