Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda "DATA4CRM" loyihasiga start berildi
Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Geologiya fanlari universitetida Yevropa Ittifoqi - O‘zbekiston CRM loyihasini amalga oshirish doirasida start yig‘ilishi tashkil etildi.
Tadbirda vazirlik huzuridagi tashkilotlar va Yevropa davlatlarining yetakchi geologiya muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Unda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Rustam Yusupov so‘zga chiqib, geologiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muhim xomashyo materiallarini o‘rganish va zamonaviy geologik tadqiqotlarni rivojlantirish bugungi kunda ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Tadbir davomida “DATA4CRM” loyihasini amalga oshirish mexanizmlari, mamlakatning muhim xomashyo materiallari sohasidagi ilmiy salohiyati, geoma’lumotlar bazasi hamda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng “O‘zbekistonda muhim xomashyo materiallari (CRM) bo‘yicha foydali qazilmalarni qidirishni qo‘llab-quvvatlash uchun geologik tadqiqotlarni rivojlantirish – DATA4CRM” tashabbusiga rasman start berildi.
Mazkur loyiha muhim xomashyo resurslarini aniqlash va o‘rganish sohasida geologik tadqiqotlar sifatini oshirish, sohada zamonaviy ma’lumotlar bazasini shakllantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatning mineral-xomashyo salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur tashabbus O‘zbekiston geologiya sohasida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA