Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib
Samarqand davlat tibbiyot universitetida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston – umumiy uyimiz!”, “Yangi O‘zbekiston – yoshlar mamlakati!” degan ezgu g‘oyalar ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Bu yil xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlaydi. Prezidentimizning joriy yil 1-aprelda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, ayni paytda yurtimizda ushbu tarixiy sanaga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Shahar va qishloqlar, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ziyolilar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyatida ham keyingi 35 yilda xalqimiz bosib o‘tgan yo‘l, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, odamlar ongu tafakkuridagi o‘zgarishlar mohiyatiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar uyushtirilmoqda.
Ana shunday jo‘shqin uchrashuvlarning navbatdagi manzili Samarqand davlat tibbiyot universiteti bo‘ldi. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi milliy madaniy markazlar vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Viloyat hokimligi, jamoat tashkilotlari va universitet rahbariyati mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar, davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan yuksak e’tibor haqida so‘z yuritdi.
– Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bu yil “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida nishonlanishi bejiz emas, – deydi Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari D.Malikov. – Bugungi kunda yurtimizda, jamladan, Samarqandda ham yuzdan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq, bir oila farzandlaridek yashab kelmoqda Ularning o‘z tili, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi va davom ettirishi uchun davlatimiz tomonidan zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. 11 ta milliy madaniy markaz va bitta do‘stlik jamiyati, 800 dan ortiq nodavlat-notijorat tashkilotlari faoliyatida bu masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu kunlarda viloyatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostidagi tadbirlarda ham bu tashkilotlar, turli millatlar vakillari faol ishtirok etmoqda.
[gallery-29510]
Universitet hovlisida viloyatdagi milliy madaniy markazlar, ta’lim dargohida tahsil olayotgan turli millatga mansub va xorijdan kelgan talabalar tomonidan o‘z urf-odatlari, milliy qadriyatlari va betakror madaniyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar o‘tkazildi.
Bayramning badiiy qismida nemis, koreys va arab milliy-madaniy markazlari qoshidagi ansambllar hamda universitet talabalarining konsert dasturi namoyish etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari