“Yil o‘qituvchisi” tanlovi: 208 nafar pedagog bellashadi
Joriy yilning 28–30-iyul kunlari mamlakatdagi eng nufuzli kasbiy tanlovlardan biri – “Yil o‘qituvchisi” tanlovining uchinchi bosqichi o‘tkaziladi.
Unda respublikaning 208 ta tuman va shahridan saralangan 416 nafar pedagog o‘z bilim va salohiyatini namoyon etadi.
Tanlov nizomiga muvofiq, uchinchi bosqichda ishtirokchilar nafaqat kasbiy mahorati, balki ma’naviy-ma’rifiy faoliyati va kitobxonlik darajasi bo‘yicha ham baholanadi. Bu esa zamonaviy o‘qituvchi nafaqat o‘z fanini puxta bilishi, balki keng dunyoqarash, yuksak ma’naviyat va boy mutolaa madaniyatiga ega bo‘lishi lozimligini anglatadi.
Nomzodlar 100 ballik tizim asosida ikki yo‘nalish bo‘yicha baholanadi. Shundan 20 ball ma’naviy-ma’rifiy faoliyat uchun beriladi. Unda pedagogning shaxsiy rivojlanishi, o‘z ustida ishlashi, tarbiyaviy ishlari, sinfdan tashqari faoliyati hamda tashabbuslari inobatga olinadi.
Asosiy baholash esa kitobxonlik bo‘yicha test sinovi orqali amalga oshiriladi. 80 ballik ushbu bosqichda ishtirokchilarga tasdiqlangan adabiyotlar asosida 40 ta test savoli beriladi. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi.
Tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxatidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunlar, Prezident Shavkat Mirziyoyevning asarlari, shuningdek, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Oybek, Cho‘lpon, O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad, Chingiz Aytmatov, Jek London, Paulo Koelo kabi adiblarning mashhur asarlari o‘rin olgan.
Tanlovning eng muhim jihatlaridan biri — g‘oliblar uchun belgilangan rag‘batlantirish. Uchinchi bosqich yakunida 208 nafar pedagog g‘olib deb topiladi va ularning har biri Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 1400 baravari, ya’ni 576 million 800 ming so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
“Yil o‘qituvchisi” tanlovi mamlakatda pedagog kasbining nufuzini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va o‘z ustida muntazam ishlaydigan, yuksak salohiyatli ustozlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgan muhim loyihalardan biri hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA