YeXHT Parlament assambleyasi raisi Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda ishonch muhitini mustahkamlashdagi rolini e’tirof etdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Parlament assambleyasi Raisi Pere Joan Pons Sampetro boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda inson huquqlarini himoya qilish, munosib mehnat va migratsiyani tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
P.Sampetro O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini rivojlantirishdagi muhim rolini e’tirof etdi.
Delegatsiya a’zolari O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish hamda odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi tajribasini e’tiborga loyiq ekanini ta’kidladi.

Bu yo‘nalishlarda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirildi.
Tomonlar fuqarolarning xorijda mehnat qilish huquqi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish hamda Orolbo‘yi hududidagi ekologik vaziyat masalalari yuzasidan fikr almashdi.
N.Abduraimova,
O‘zA