Sherzod Abdunazarov: Xorijdagi har bir vatandoshimiz manfaatlarini himoya qilish – ustuvor vazifamiz
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar bugun strategik sheriklikning yangi, yuksak bosqichida izchil rivojlanib bormoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiya, ta’lim, turizm va madaniy aloqalar bilan bir qatorda, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur dolzarb mavzular, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning bugungi holati hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiriga maxsus intervyu berdi.

– Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik qaysi bosqichga ko‘tarildi? Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muloqotlari va siyosiy irodasi amaliy hamkorlik rivojida qanday o‘rin tutmoqda?
– Bugungi kunda O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng muhimi, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar an’anaviy do‘stlik va qardoshlik rishtalaridan aniq iqtisodiy manfaatlar, qo‘shma investitsiya loyihalari va uzoq muddatli strategik maqsadlarga asoslangan amaliy hamkorlik darajasiga chiqdi.
Albatta, bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘rtasidagi yuksak darajadagi o‘zaro ishonch va muntazam siyosiy muloqot hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, savdo, sanoat, transport-logistika, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Yana bir muhim jihat shundaki, hamkorlik faqat davlat idoralari darajasida cheklanib qolmasdan, hududlar, ishbilarmon doiralar, oliy ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik o‘rtasida ham tobora mustahkamlanmoqda. Fikrimcha, bugungi munosabatlarimizning eng katta yutug‘i ham shunda – strategik sheriklikning amaliy natijalari iqtisodiyotda, biznesda va bevosita insonlarning kundalik hayotida o‘z ifodasini topmoqda.
– Istanbulning moliya va biznes markazi sifatidagi imkoniyatlari ikki tomonlama hamkorlikda qanday aks etmoqda? Bosh konsullik iqtisodiy diplomatiya va vatandosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday amaliy tashabbuslarni amalga oshirmoqda?
– Istanbul shahri biz uchun alohida strategik ahamiyatga ega hudud hisoblanadi. Chunki bu maskan nafaqat Turkiyaning, balki butun mintaqaning eng yirik savdo, moliya, sanoat va xalqaro biznes markazlaridan biridir. Turkiyaning ko‘plab yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va yirik korporatsiyalarining bosh qarorgohlari aynan Istanbulda joylashgan. Shu bois, Bosh konsulligimiz faoliyatida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Biz turk ishbilarmon doiralari vakillari va yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib, ularga yurtimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar hamda istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumot bermoqdamiz.
Masalan, so‘nggi vaqtlarda mamlakatimizning Anqara shahridagi Elchixonasi bilan hamkorlikda “Kalyon Holding”, “Nakkaş Holding”, “Eczacıbaşı”, “Aksa Enerji”, “Çalık Holding”, “Limak Holding”, “Demirören” va “Dünyagöz” kabi kompaniyalar bilan energetika, sanoat, to‘qimachilik, qurilish, tibbiyot hamda ta’lim sohalaridagi sheriklik imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, Istanbul va Toshkent shaharlari o‘rtasida shaharsozlik, transport, raqamlashtirish va turizm yo‘nalishlarida tajriba almashish kengaymoqda.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik tadbirkorlarga faqatgina ishonchli hamkor topishda emas, balki bozor talablarini chuqur anglash va barqaror kooperatsiya aloqalarini o‘rnatishda har tomonlama ko‘maklashyapmiz. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va sanoat tovarlarini Turkiya bozoriga, shuningdek, turk portlari orqali Afrika hamda Yaqin Sharq davlatlariga eksport qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratyapmiz.
– Ma’lumki, xalqlarimizni mushtarak tarix, yagona madaniyat va ma’naviy ildizlar bog‘lab turadi. Istanbulda boy milliy merosimizni keng targ‘ib qilish hamda Turkiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilangan?
– Istanbulda o‘zbek madaniyati, san’ati va qadriyatlariga bo‘lgan qiziqish juda yuqori. Bosh konsulxonamiz tomonidan Mustaqillik kuni va Navro‘z munosabati bilan keng ko‘lamli madaniy tadbirlar, konsertlar va ko‘rgazmalar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Shuningdek, ajdodlarimiz tomonidan barpo etilgan madaniy-ma’rifiy maskanlar, jumladan, Istanbulning Uskudar, Fotih va Ayubsulton tumanlaridagi tarixiy xonaqohlar bo‘yicha ham hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Turizm sohasiga to‘xtalsak, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimiz butun turkiy va islom sivilizatsiyasining bebaho merosidir. Turkiya fuqarolari yurtimizga tashrif buyurganda nafaqat tarixiy obidalarni tomosha qiladi, balki o‘zlariga yaqin bo‘lgan til, madaniyat va mehmondo‘stlik muhitini his etadi.
Asosiy maqsadimiz – respublikamizni faqatgina tarixiy obidalar makoni sifatida emas, balki ziyorat, gastronomik, madaniy, tibbiy va ishbilarmonlik turizmi uchun ham jozibador manzil sifatida keng targ‘ib qilishdir. Bu borada turk sayyohlari uchun Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva va Farg‘ona vodiysini qamrab oluvchi yangi turmarshrutlarni ommalashtirish, turoperatorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlar va mediaturlar tashkil etish rejalashtirilgan.
– Xorijdagi vatandoshlarimizga konsullik xizmatlari ko‘rsatish va ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qanday yangi va samarali tizimlar yo‘lga qo‘yildi?
– Xorijdagi har bir O‘zbekiston fuqarosining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish Bosh konsulxonamizning eng muhim va oliy vazifasidir. Fuqaromiz qayerda ishlashi, qanday sharoitda yashashi yoki qaysi muammoga duch kelishidan qat’i nazar, uning murojaati e’tiborsiz qolmasligi zarur.
Bosh konsullikka mehnat munosabatlari, ish haqi to‘lanmasligi, yashash va ishlash ruxsatnomalari, oilaviy nizolar, tibbiy va huquqiy himoya bilan bog‘liq turli murojaatlar kelib tushadi. Ayniqsa, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimizga, aldov va soxta hujjatlar qurboni bo‘lgan ayollarimizga tezkor yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratamiz. Bedarak yo‘qolganlarni qidirish, hibsga olinganlarning taqdirini o‘rganish bo‘yicha Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi va migratsiya idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz.
Xizmatlar jozibadorligi va tezkorligini oshirish maqsadida elektron navbat tizimi to‘liq joriy etildi, 24/7 rejimida ishlovchi Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Barcha vatandoshlarimiz ham Istanbulga bevosita kela olmasligini inobatga olib, hududlarda sayyor konsullik qabullarini muntazam o‘tkazyapmiz. Men uchun konsullik faoliyati samaradorligining asosiy mezoni ko‘rsatilgan xizmatlar soni emas, balki fuqaromizning muammosi qay darajada ijobiy hal etilganidir.
– Istanbul shahrida ilk o‘zbek maktabi va bog‘chasi barpo etilishi haqida xabar berilgan edi. Ushbu loyiha bo‘yicha so‘nggi yangiliklar bilan o‘rtoqlashsangiz. Shuningdek, kelgusi faoliyatingizdagi eng ustuvor vazifalar va yurtdoshlarimizga asosiy murojaatingiz nimalardan iborat?
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi va shaxsiy tasdig‘i bilan xorijdagi ilk o‘zbek maktabini Istanbul shahrida ochish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Ayni paytda Istanbulning o‘zbeklar zich yashaydigan va transport qatnovi qulay bo‘lgan Bakirko‘y tumanidan ajratilgan hududda 660 o‘ringa mo‘ljallangan, o‘zbek tilida bepul va sifatli ta’lim beruvchi zamonaviy maktab hamda 60 o‘rinli bog‘cha binosi qurilmoqda. Ushbu maktabning tamal toshi joriy yilning yanvar oyida ikki davlat prezidentlari tomonidan qo‘yilgani yurtdoshlarimizga bo‘lgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik namunasidir.
Ta’lim, iqtisodiyot va madaniy sohadagi barcha tashabbuslarimizdan ko‘zlangan yagona maqsad — xorijdagi yurtdoshlarimizga munosib sharoit yaratishdir. Fursatdan foydalanib, Turkiyada istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimizga shuni ta’kidlamoqchiman: Bosh konsulxona sizlar uchun doimo ochiq va ishonchli maskandir. Biz faqatgina hujjat rasmiylashtiradigan ma’muriy idora emas, balki sizlarni Ona Vatan bilan mustahkam bog‘lab turuvchi ishonchli tayanch nuqtasimiz.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining kelajagi juda porloq. Bizning asosiy burchimiz esa ana shu ulkan imkoniyatlarni xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladigan amaliy natijalarga aylantirishdir.
Nodira KAYIMOVA, O‘zA
Istanbul, Turkiya