Barqaror rivojlanishni boshqarishning yangi mezoni O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar ochadi?
Mamlakatimizda BMTning «2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish kun tartibi dasturi»ni izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etilmoqda. Ushbu maqsadlarga erishish yurtimiz ravnaqi va aholi farovonligini ta’minlashga asos bo‘ladi.
Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev O‘zA muxbiriga Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayonini boshqarish borasidagi yangi mezonlar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Barqaror rivojlanish haqida gap ketganda, odatda, erishilgan ko‘rsatkichlar, bajarilgan dasturlar va taqdim etilgan hisobotlarga e’tibor qaratiladi. Albatta, natijani o‘lchash va jamoatchilikka yetkazish muhim. Biroq asosiy savol boshqa: bu ma’lumotlar keyingi qarorlarga qanchalik ta’sir ko‘rsatyapti? Ko‘rsatkich ortda qolayotgan bo‘lsa, qaysi idora chora ko‘radi, qanday resurs ajratiladi va natija qachon qayta baholanadi?
2026-yil 28-sentabrda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) va BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) taqdim etgan ISO/UNDP 53001:2026 xalqaro standarti aynan shu masalaga yangicha yondashish imkonini beradi. Uning to‘liq nomi — «BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha menejment tizimlari. Talablar».

Mazkur hujjat tashkilotlarga barqaror rivojlanish vazifalarini faqat deklaratsiya va hisobotlarda emas, balki strategiya, kundalik boshqaruv, investitsiya hamda faoliyatni baholash jarayonlarida hisobga olishga yordam berish uchun ishlab chiqilgan. Yangi standartning eng muhim g‘oyasi: barqaror rivojlanish maqsadlarini qayd etish bilan cheklanmasdan, ularga erishish jarayonini boshqarish kerak. Bu O‘zbekiston uchun ham amaliy ahamiyatga ega.
2015-yildan buyon dunyo mamlakatlari Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) milliy rejalarga kiritish, indikatorlar ishlab chiqish va ular bajarilishini kuzatish borasida katta tajriba to‘pladi. Lekin ko‘rsatkichning o‘zi muammoni hal qilmaydi. Masalan, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi yetarli darajada oshmayotgani aniqlansa, bu ma’lumot qaysi loyihani o‘zgartirish, qaysi mablag‘ni maqsadli yo‘naltirish va qaysi rahbarning mas’uliyatini belgilash uchun asos bo‘lishi lozim.
ISO/UNDP 53001 shu mantiqiy zanjirni tizimlashtirishga qaratilgan. U tashkilot o‘z faoliyatining ijobiy va salbiy ta’sirlarini baholashi, ustuvor vazifalarni belgilashi, aniq natijalarni rejalashtirishi, ularni o‘lchashi va zarur hollarda qarorlarini qayta ko‘rib chiqishini nazarda tutadi. Demak, «qancha ish bajardik?» degan savolga «bu ish qanday o‘zgarish berdi?» degan savol qo‘shiladi.
Bunday yondashuv hisobot va boshqaruv o‘rtasidagi uzilishlarni kamaytirishi mumkin. Eng muhimi, natija kutilganidek bo‘lmasa, bu holat keyingi rejalashtirish va moliyalashtirishda inobatga olinadi.
Barqaror rivojlanishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatlari bir-biridan ajralgan emas. Yangi sanoat korxonasi ish o‘rinlarini yaratadi, soliq tushumlarini ko‘paytiradi, mahalliy infratuzilmani rivojlantiradi. Shu bilan birga, energiya, suv va yer resurslariga bo‘lgan talabni ham oshirishi mumkin. Shu sababli bir tarmoqdagi yutuq boshqa yo‘nalishda qanday oqibat keltirib chiqarishi oldindan tahlil qilinishi maqsadga muvofiq.
Yangi standart barcha ziddiyatlarni o‘z-o‘zidan bartaraf etmaydi. Ammo ularni qaror qabul qilinishidan oldin ko‘rish, turli maqsadlar o‘rtasidagi uyg‘unlik va ehtimoliy qarama-qarshiliklarni baholash uchun umumiy boshqaruv doirasini taklif etadi.
O‘zbekistonda BRMni amalga oshirishning milliy institutsional asoslari yaratilgan. Yangi yondashuv uchun barcha tuzilmalarni boshidan yaratish shart emas. Asosiy imkoniyat — mavjud maqsadlar, indikatorlar, tarmoq dasturlari, mas’ul idoralar va moliyaviy vositalarni yagona amaliy boshqaruv zanjirida yanada uzviy bog‘lashdir. ISO/UNDP 53001 ana shu bog‘liqlikni baholashda foydali mezon bo‘lishi mumkin.
Masalan, muayyan hududda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, faqat qamrov ko‘rsatkichini kuzatish bilan cheklanmaslik zarur. Infratuzilmaning holati, investitsiya dasturi, mas’ul tashkilot, xizmat sifati, aholi uchun qulaylik va keyingi texnik xizmat xarajatlari ham yagona natijaga xizmat qilishi kerak. Bunda indikator — qarorning o‘rnini bosuvchi emas, qarorni to‘g‘rilashga yordam beruvchi vositadir.
Mamlakatimizda ushbu standartdan foydalanishning maqbul yo‘li, avvalo, ixtiyoriy va cheklangan ko‘lamdagi tajriba loyihalari bo‘lishi mumkin. Masalan, suv xo‘jaligi, energetika, shahar infratuzilmasi yoki sanoat sohasidagi ayrim tashkilotlarda boshqaruv amaliyotini yangi mezonlar asosida tahlil qilish mumkin. Bunda maqsad sertifikat olish emas, boshqaruvdagi amaliy bog‘liqlikni aniqlash bo‘ladi.
ISO/UNDP 53001ning xalqaro miqyosda e’lon qilinishi uni O‘zbekistonda barcha tashkilotlar uchun majburiy talabga aylantirmaydi. Uni joriy etish masalasini milliy ehtiyoj, amaldagi talablar va tashkilotlarning tayyorgarligi asosida ko‘rib chiqish lozim. Dastlabki bosqichda ommaviy sertifikatlashdan ko‘ra, sinov natijalarini xolis baholash va ishlaydigan yechimlarni saralash foydaliroq. Aks holda, yaxshi tashabbus ham qo‘shimcha hujjatlar, shakliy tekshiruvlar va yangi hisobot yukiga aylanib qolishi mumkin. Yangi standartning haqiqiy qiymati esa qarorlar sifati, resurslardan foydalanish samaradorligi va jamiyat uchun olinadigan natija orqali namoyon bo‘lishi kerak.
2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanishning keyingi bosqichi faqat ko‘proq ko‘rsatkich ishlab chiqishga emas, mavjud ko‘rsatkichlarning boshqaruvga ta’sirini kuchaytirishga ham bog‘liq. O‘zbekiston uchun ISO/UNDP 53001ning eng katta imkoniyati milliy maqsadlarni kuzatishdan ularga erishishni izchil boshqarish sari amaliy qadamni qo‘yishdir.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.