Jizzaxda aholi ko‘paymoqda
Yurtimizda demografik jarayonlar izchil va barqaror yo‘ldan ilgarilab borayotgani raqamlar tilida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 million 382 ming 685 nafarga yetgani, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 685 ming kishiga yoki 1,8 foizga oshgani aholining tabiiy o‘sishi bardavom ekanidan dalolat beradi.
Bu umummilliy o‘sish manzarasida Jizzax viloyati ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bugungi kunda viloyat aholisi 1 million 573 ming 200 nafarni tashkil etib, hududda demografik rivojlanish ijobiy va izchil tus olganini ko‘rsatmoqda. Bu esa Jizzaxni nafaqat geografik, balki demografik jihatdan ham ahamiyatli hududlar qatoriga olib chiqmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday o‘sish tasodifiy emas. Avvalo, tabiiy ko‘payish darajasining yuqori saqlanayotgani asosiy omillardan biri bo‘lsa, iqtisodiy islohotlar samarasida yangi ish o‘rinlarining yaratilayotgani aholining hududda mustahkam o‘rnashishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, sanoat va qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari iqtisodiy faollikni kuchaytirib, aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin egallamoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy infratuzilmaning izchil rivoji Jizzaxning jozibadorligini oshirayotir. Yangi uy-joy massivlari barpo etilishi, zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalarining kengayishi nafaqat aholi turmush sifatini yaxshilamoqda, balki ichki migratsiya jarayonlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada viloyat nafaqat tabiiy o‘sish, balki ko‘chib kelishlar hisobiga ham barqaror demografik o‘sishni ta’minlamoqda.
Qiyosiy tahlillar Jizzax viloyati aholi soni jihatidan o‘rta pog‘onada turganini ko‘rsatsa-da, o‘sish sur’atlari bo‘yicha u istiqbolli hududlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa kelgusida viloyatning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, mehnat bozorini kengaytirish va investitsiya jozibadorligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, Jizzax viloyatida kuzatilayotgan demografik o‘sish — bu shunchaki raqamlar emas, balki hududning barqaror rivoji, inson kapitali salohiyati va kelajak imkoniyatlarining yorqin ifodasidir. Bu jarayon esa o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani takomillashtirish va aholi farovonligini yuksaltirish borasidagi vazifalarni yanada dolzarb etib qo‘ymoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA