Yerosti inshootidan nanofiltratsiyagacha: O‘zbekiston – Xitoy suv sohasidagi yangi qadamlar
Suv ta’minoti va oqova suvlarni tozalash sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. 9-12-sentabr kunlari “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga xizmat safari davomida Shanxaydagi to‘liq yerosti oqova suv tozalash inshooti faoliyati o‘rganildi, Navoiy shahrida zamonaviy ichimlik suvi tozalash inshootini barpo etish loyihasi yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Safar doirasida delegatsiya a’zolari Shanxay shahridagi “Taihe” to‘liq yerosti oqova suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdi.
Sutkasiga 600 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega mazkur inshoot 27,2 gektar maydonni egallaydi. Ob’ektning to‘liq yer ostida joylashtirilgani uning o‘ziga xos jihatlaridan biri. Yer usti qismida esa ochiq ekologik istirohat bog‘i tashkil etilgan.
Tozalangan suvning bir qismi park hududini sug‘orish uchun qayta ishlatiladi. Bu esa oqova suvlarni tozalash bilan bir qatorda, suv resurslaridan qayta foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Inshootning texnologik boshqaruvi ham zamonaviy yechimlarga asoslangan. Jarayonlar yuqori darajada avtomatlashtirilgan bo‘lib, SCADA tizimi, turli robotlar va dronlardan foydalaniladi.

Delegatsiya a’zolari mazkur ob’ekt misolida Xitoyning oqova suvlarni tozalash sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rgandi. Shu bilan birga, bunday texnologiyalarni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Shu maqsadda inshoot loyihasini ishlab chiqqan “Shanghai Municipal Engineering Design Institute (SMEDI)” vakillari bilan muzokara o‘tkazildi. Unda kompaniyaning O‘zbekistonda filial ochish rejalari muhokama qilinib, mamlakatimizda shu kabi yerosti oqova suv tozalash inshootlarini tashkil etish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Xitoy safari doirasida ichimlik suvini tozalashning zamonaviy texnologiyalariga oid aniq loyiha ham muhokama qilindi.
Shuningdek, “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov ishtirokidagi O‘zbekiston delegatsiyasi “China Energy Overseas Investment Co., Ltd.” raisi Yahong Li bilan uchrashdi.

Muloqotda “Navoiy shahrida zamonaviy ichimlik suvi tozalash inshootini qurish” loyihasining joriy holati, texnik yechimlari va uni amalga oshirishning keyingi bosqichlari muhokama qilindi.
Loyihada membranali texnologiyalar, xususan, nanofiltratsiya va mikrofiltratsiya usullarini qo‘llash rejalashtirilgan. E’tiborli jihati, loyiha amalga oshirilishi natijasida O‘zbekistonda nanofiltratsiya texnologiyasi asosidagi ilk yirik ichimlik suvi tozalash inshootini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.
Tomonlar loyihani ishlab chiqish ishlarini jadallashtirish, yaqin muddatlarda amaliy ishlarni boshlash, shuningdek, O‘zbekistonda suv ta’minoti va oqova suv sohasidagi yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda o‘rganish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida “O‘zsuvta’minot” AJ va “China Energy Overseas Investment Co., Ltd.” o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Shu tariqa, Xitoy safari davomida o‘rganilgan tajriba va erishilgan kelishuvlar suv ta’minoti hamda oqova suvlarni tozalash sohasida zamonaviy texnologik yechimlarni O‘zbekiston amaliyotiga olib kirish uchun yangi imkoniyatlarni belgiladi. Shanxaydagi yerosti inshooti tajribasi va Navoiyda rejalashtirilayotgan nanofiltratsiya loyihasi esa ikki davlat o‘rtasidagi sohaviy hamkorlikning aniq amaliy mazmunga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA