Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zarbdor tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikada “Birga hayotni saqlaymiz!” shiori ostida navbatdagi beg‘araz qon topshirish aksiyasi o‘tkazildi. Jizzax viloyat qon quyish stansiyasi mutaxassislari tashkil etgan tadbirda tibbiyot xodimlari va tuman aholisi faol ishtirok etib, inson hayotini asrashdek ezgu maqsadga munosib hissa qo‘shdilar.

Shu kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Mahmarasul Umarovning sayyor qabuli va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi. Sayyor guruh mutaxassislari donorlarni zarur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, qon topshirish jarayonining xavfsiz va qulay o‘tishini ta’minladi.

***
Sharof Rashidov tumanining Mo‘lkanlik mahallasida yangi vorkaut maydoni foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va Sport maktabi vakillari ishtirok etdi.

Mazkur sport maskani mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida gimnastrada sport turi bo‘yicha respublika bosqichida munosib ishtirok etgan sportchi qizlarning yutug‘i evaziga barpo etildi.

***
Jizzax politexnika instituti Transport muhandisligi fakulteti 1-bosqich talabalari o‘rtasida “Mustaqil O‘zbekiston – mening faxrim” mavzusida insholar tanlovi tashkil etildi.

Yoshlar insholarida mamlakatimizning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti, milliy qadriyatlar, tarixiy meros va Yangi O‘zbekistonda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi fikrlarini bayon etdi.
Ishtirokchilarning ishlari 100 ballik tizim asosida mavzuning to‘laqonli ochib berilganligi, imloviy savodxonlik, so‘z boyligi va uslubiy mahorat, O‘zbekiston haqidagi fikr va qarashlarning yoritilganligi, xulosaviy fikrlarning mavjudligi hamda ularni ifoda etish mahorati bo‘yicha baholandi.

Tanlov jarayoni hakamlar hay’ati tomonidan nazorat qilinib, ishlar tanlov nizomi talablari asosida xolisona baholandi. Yakunga ko‘ra, 1-o‘rinni logistika guruhi talabasi Marjona Saparova, 2-o‘rinni TVM guruhidan Otabek Qayumov, 3-o‘rinni esa logistika guruhi talabasi Ilhomjon Ergashev egalladi.
***

Do‘stlik tumanining “Oltin vodiy” mahallasida kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish va oilalar farovonligini yuksaltirish maqsadida xonadonbay ishlash tizimi izchil davom etmoqda.

Mahalla mas’ullari xonadonlarga kirib, oilalarning muammo va ehtiyojlari, qiziqishlari hamda mavjud imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Suhbatlar asosida aholi daromadlarini ko‘paytirish, bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy takliflar berilmoqda.

Bunda asosiy e’tibor har bir oilaning imkoniyatini ishga solish, aholini daromadli mehnatga jalb etish va farovon turmushini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilmoqda.
***

Zomin tumanida ichki ishlar organlari mas’ullari ishtirokida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida profilaktik uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, internetdagi shubhali havolalarni ochmaslik, bank karta ma’lumotlarini sir saqlash zarurligi tushuntirildi.

Shuningdek, internet tarmoqlaridagi yot g‘oyalar, buzg‘unchi oqimlar va ekstremistik mazmundagi materiallar ta’siriga tushib qolmaslik yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Uchrashuvlar yakunida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning salbiy oqibatlarini aks ettiruvchi videolavhalar namoyish etildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri