Yerlarning agrokimyoviy tahlili – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi muhim omil
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash hamda tuproq unumdorligini saqlab qolishda yer maydonlarining agrokimyoviy holatini muntazam o‘rganib borish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bu borada Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining Agrokimyo va tuproq tahlili markazi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, har yili o‘rtacha 700–800 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlari agrokimyoviy tahlildan o‘tkazilmoqda. Olingan xulosalar asosida esa yerdan foydalanuvchilarga zarur agrokimyoviy xaritanomalar ishlab chiqilmoqda.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2021–2026-yillarda respublika miqyosida 3,3 million gektar ekin maydonlari agrokimyoviy tahlil qilinib, shundan 2,8 million gektar maydonning elektron agrokimyoviy xaritanomalari yaratilgan. Shu bilan birga, mazkur davr mobaynida 6 708 ta mineral o‘g‘it namunasi laborator tahlildan o‘tkazilgan. Tahlillar jarayonida 156 ta namuna standart talablariga javob bermasligi aniqlanib, natijada 1 837 tonna sifatsiz mineral o‘g‘itning dalaga kiritilishining oldi olingan.
Biroq olib borilgan tahlillar natijalari tuproqning holati jiddiy e’tiborni talab qilishini ko‘rsatmoqda. Xususan, tahlil qilingan tuproqlarning 77,4 foizida harakatchan fosfor, 65,4 foizida almashinuvchan kaliy va 72,7 foizida gumus miqdori o‘rtachadan past darajada ekani qayd etilgan. Bunday salbiy holatlarning kelib chiqishiga asosan mineral o‘g‘itlarni tuproqning agrokimyoviy holatini hisobga olmasdan qo‘llash hamda ilmiy asoslangan me’yorlarga rioya qilmaslik kabi sabablar turtki bo‘lmoqda.
Yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish va tuproq unumdorligini tiklash uchun bir qator kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rish talab etiladi. Xususan, mineral o‘g‘itlarni faqat belgilangan me’yorlarda qo‘llash, pestitsid hamda boshqa kimyoviy vositalardan mutaxassis tavsiyasi asosida foydalanish maqsadga muvofiqdir. Shu qatori, tuproq-iqlim sharoiti va ekin ehtiyojini hisobga olish, organik o‘g‘itlar, kompost va siderastlardan samarali foydalanish, shuningdek, ekinlar bilan olib chiqib ketilayotgan ozuqa elementlarini tuproqqa qayta to‘ldirib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, mineral o‘g‘itlar sifatini qat’iy nazorat qilish hamda tuproq va o‘simlik mahsulotlarida pestitsid, nitrat hamda og‘ir metall qoldiqlarini muntazam kuzatib borish zarur.
Mohigul Qosimova, O‘zA