Ustozning qadrli mehnati, oilasi va farzandlarining baxt-saodati davlat e’tiborida
Yangi qaror
Ha, bugun mamlakatimizda ta’lim sohasi, ayniqsa, pedagoglarning mehnati va ijtimoiy maqomiga bo‘lgan e’tibor tobora kuchayib bormoqda. Buni ilmu irfon, ziyo, tafakkur va hikmatlar xazinasi bo‘lgan ustoz va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar, yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Shu nuqtai nazardan, pedagoglarning farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir muhim qarorning qabul qilingani jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Darhaqiqat, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatida kunduzgi ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan farzandlariga kontrakt to‘lovi bo‘yicha 30 foiz miqdorida chegirma berilishi o‘qituvchi xalqiga katta yordam bo‘ldi.
Bu, avvalo, pedagog oilalarining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish, ayniqsa, o‘z farzandi ham kelgusida pedagog bo‘lishini istayotgan pedagog ota-onalarning niyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan amaliy mexanizmdir.
Zero, bugungi o‘qituvchi o‘z kasbiy vazifasini fidoiylik bilan bajarish barobarida farzandining ta’limi, uning aynan pedagoglar yo‘lidan borishi haqida ham qayg‘uradi. Oliy ta’lim kontrakti esa ko‘plab oilalar uchun salmoqli moliyaviy yuk hisoblanadi. Shu bois pedagog farzandiga berilayotgan 30 foizlik chegirma oilaning ushbu xarajatlarini muayyan darajada yengillashtiradi.
Bunday sa’y-harakat – ustozlar mehnatiga munosib e’tiborgina bo‘lib qolmay, muallimlar sulolasini yaratishga qo‘yilayotgan mustahkam poydevordir!
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi uchun ta’limning sifatli va hamma uchun ochiq bo‘lishi, insonning bilim olish huquqi, ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar masalalari doimo muhim ahamiyat kasb etib kelgan.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur tashabbusning ahamiyati faqatgina 30 foizlik chegirma bilan cheklanib qolmaydi.
Uning zamirida “ustozning qadrli mehnati, oilasi va farzandlarining baxt-saodati davlat e’tiborida”, degan muhim ijtimoiy yondashuv mujassam.
O‘qituvchi bolaga ta’lim beradi. Unga kitob o‘qishni, ilmni, kasbni, hayotda o‘z o‘rnini topishni o‘rgatadi. Shuning uchun ham o‘qituvchini qo‘llab-quvvatlash – aslida butun jamiyatning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlashdir.
Imtiyozning ijtimoiy ahamiyati bisyor. Bugun bir pedagog oilasida farzand oliy ma’lumot olayotgan bo‘lsa, bu nafaqat bir oilaning, balki mamlakatning inson kapitaliga kiritilayotgan sarmoyadir.
30 foizlik chegirma esa ota-onaning moliyaviy imkoniyatlarini yengillashtirib, farzandning oliy ma’lumot olishini davom ettirishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Ayniqsa, bir oilada bir nechta farzand oliy ta’lim olayotgan holatlarda bunday ijtimoiy ko‘makning ahamiyati yanada ortadi.
Eng muhimi, mazkur yondashuv yosh avlodga ham muhim bir g‘oyani singdiradi: jamiyatda halol mehnat qilayotgan insonning mehnati qadrlanadi va uning oilasi ham e’tiborsiz qolmaydi.
Davlatning pedagoglarga munosabati, avvalo, uning ta’lim va kelajak avlodga munosabatini ko‘rsatadi. Binobarin, ta’limga qilingan har bir sarmoya – kelajakka sarmoyadir.
Shuning uchun bugun pedagogning mehnat sharoiti, kasbiy o‘sishi, ijtimoiy himoyasi va farzandlarining ta’lim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni bir-biridan ajratib qarab bo‘lmaydi.
Ularning barchasi yagona maqsadga – birinchidan, o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, barkamol avlodni shakllantirish hamda xalqning ma’naviy-madaniy salohiyatini boyitishga qaratilgan mehnatini qadrlashga, ikkinchidan, bilimli, erkin fikrlaydigan va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
“Adolat” SDP nuqtai nazaridan, inson manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va ta’lim olish uchun teng imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan har qanday amaliy chora jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.
Bugun ustozning farzandiga berilgan imkoniyat – ertaga mamlakatning o‘ziga qaytib keladigan investitsiyadir. Vaholanki, ustozga g‘amxo‘rlik – ta’limga g‘amxo‘rlik. Ta’limga g‘amxo‘rlik – millat kelajagiga g‘amxo‘rlikdir.
Shu ma’noda, pedagoglar farzandlariga oliy ta’lim kontrakt to‘lovining 30 foizini chegirish bo‘yicha yangi tartibni ustozlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatining yana bir amaliy ifodasi sifatida baholash mumkin. Bu albatta, kamtar va kamsuqum muallimlarimizga bo‘lgan otalarcha g‘amxo‘rlikning namunasidir.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Siyosiy kengashi raisining o‘rinbosari.
O‘zA