Yerga baraka urug‘i sepildi
Yerga qadalgan bir dona urug‘ — kelajak hosilining debochasi. Uning zamirida dehqonning mashaqqatli mehnati, suvning qadri, agrotexnik tadbirlarga rioya etish va mo‘l hosilga bo‘lgan ezgu umid mujassam. Boyovut tumanida ham 2027-yil hosili uchun g‘alla ekish mavsumi ayni shunday ezgu niyatlar bilan boshlandi.
Mavsum munosabati bilan “Doston Bobur” fermer xo‘jaligida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda Boyovut tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Xoliqberdiyev, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, mutaxassislar, agronomlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida mo‘l-ko‘l va barakali hosil tilab duo qilindi hamda dastlabki g‘alla urug‘lari yerga qadaldi. Seminarda g‘alla ekishda agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilish, urug‘ni to‘g‘ri tanlash va ekishga tayyorlash, yerni sifatli tayyorlash, ekish ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, suvdan samarali foydalanish, mineral o‘g‘itlarni me’yorida qo‘llash va ekinlarni parvarishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, yuqori hosildorlikka erishishda har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda hudud iqlimiga mos, serhosil va ertapishar bug‘doy navlarini tanlash muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘tgan mavsumda tumanda 11,5 ming gektar maydonga iqlim sharoitiga mos, ertapishar va serhosil bug‘doy navlari ekilgan edi. Natijada shartnoma asosida don topshirish rejasi to‘liq bajarilib, qariyb 40 ming tonna sifatli g‘alla davlat don qabul qilish korxonalariga yetkazib berildi. Bunda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, suvdan oqilona foydalanish hamda o‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish muhim omil bo‘ldi.

Hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib-terib olish maqsadida 19 ta o‘rim brigadasi shakllantirilib, 38 ta zamonaviy kombayn hamda 150 ta transport vositasi jalb etildi. Tajribali mexanizatorlar va ishchilarning fidokorona mehnati natijasida bir qator fermer xo‘jaliklarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi. Jumladan, “Shohrux Zaynura”, “Bekzod Obloqulov”, “Boyovut samarasi”, “Ro‘ziboy Odilovich”, “Abdug‘ani Kattaboy”, “O‘rinboyev Sarvarbek” fermer xo‘jaliklarida gektaridan 70–80 sentnerdan hosil olindi.
— Bugungi amaliy seminar biz uchun juda foydali bo‘ldi. Unda o‘tgan mavsum natijalari tahlil qilinib, yangi hosil uchun muhim tavsiyalar berildi. Ayniqsa, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish, sifatli urug‘likdan foydalanish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda ekinlarni parvarishlashga oid ko‘rsatmalar biz uchun muhim, — deydi “Bekzod Obloqulov” fermer xo‘jaligi rahbari Bekzod Obloqulov. — Bu tavsiyalarga amal qilib, kelgusi mavsumda yanada yuqori natijalarga erishishni maqsad qilganmiz.

Ayni paytda bunday ishlar nafaqat Boyovut tumanida, balki viloyatning barcha hududlarida izchil davom etmoqda. Dalalarda 2027-yil hosili uchun g‘alla urug‘lari qadalib, yangi mavsumga poydevor qo‘yilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri