Farg‘onadan Afg‘onistonga uchmoqchimisiz?
“Kam Air” Afg‘onistondagi eng yirik xususiy aviakompaniyalardan biri bo‘lib, u tadbirkor Zamaray Kamgar tomonidan 2003-yilda asos solingan ilk xususiy tijorat aviakompaniyasi hisoblanadi.
“Kam Air” Afg‘onistonning ichki shaharlari bilan bir qatorda Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyoning 15 ta shahriga havo qatnovini yo‘lga qo‘ygan.
“Kam Air” uchun O‘zbekiston ham muhim yo‘nalishlardan biridir. 2026-yil 2-iyuldan boshlab Kobul–Toshkent reyslari haftasiga uch marta amalga oshirilmoqda. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi yo‘lovchi, biznes va savdo aloqalari uchun muhim transport yo‘lagi sanaladi. Shu nuqtayi nazardan, “Kam Air”ning Toshkentga parvozlari nafaqat afg‘on fuqarolari, balki O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyoga safar qiladigan yo‘lovchilar uchun ham ahamiyatlidir. Yana bir muhim jihati shundaki, “Kam Air” Afg‘onistondagi urushlar, siyosiy beqarorlik va xalqaro transport aloqalaridagi uzilishlarga qaramay, ichki va xalqaro yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini saqlab qolgan.



Ma’lumki, Farg‘ona O‘zbekistonning Toshkent va Samarqanddan keyingi yirik havo darvozasiga aylangan. Endilikda “Kam Air” vodiy markazi Farg‘ona shahriga Afg‘oniston shaharlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi va yuk tashish havo yo‘lagini ochmoqchi. Shu maqsadda aviakompaniya rahbari Omar Mohammad Sulaymon boshchiligidagi delegatsiya Farg‘onaga tashrif buyurdi. Rasmiy qabulda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ushbu taklif va yangi loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shunday qilib, Farg‘ona O‘zbekistonning Afg‘onistonga parvozlar amalga oshiriladigan ikkinchi shahri bo‘lishi mumkin.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA