Fuqaroning 500 million so‘mlik qarzi undirib berildi
Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda sud hujjatlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida yana bir ijro ishi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Majburiy ijro byurosining Olmazor tumani bo‘limiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining hujjati kelib tushdi.
Mazkur sud hujjatiga asosan qarzdor D.A.dan undiruvchi K.I. foydasiga 500 million so‘m undirish belgilangan bo‘lib, hujjat kelib tushgan kunning o‘zida ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorning moliyaviy va mulkiy holati atroflicha o‘rganilib, uning nomidagi mol-mulklar va avtotransport vositalarini aniqlash maqsadida tegishli vakolatli idoralarga so‘rovlar yuborildi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdorga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari hamda avtotransport vositalari aniqlanib, ularni tasarruf etishga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda taqiq qo‘yildi.
Ko‘rilgan huquqiy va amaliy choralar samarasini berdi. Natijada qarzdor D.A.dan undiruvchi K.I. foydasiga 500 million so‘mlik qarz to‘liq undirildi.
Undiruvchi qarz to‘liq qoplanganini tasdiqlab, belgilangan tartibda tilxat yozib berganidan so‘ng ijro ishi O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 40-1-moddasiga asosan tamomlandi.
E’tiborlisi, ushbu natijaga bayram arafasida erishilgani fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, adolatni qaror toptirish va sud hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Zero, ijro — bu shunchaki raqamlar emas. Bu qonun ustuvorligi, adolat tantanasi va insonning buzilgan huquqlari tiklanganini anglatadi.
Hamroz Bayonov, O‘zA