Yer qonuniyligi – taraqqiyot kafolati
Sirdaryo viloyatida yer resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, yer munosabatlarida shaffoflikni kuchaytirish hamda qonunbuzilish holatlarining oldini olish borasida tizimli ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada Kadastr agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari sezilarli natijalarni ko‘rsatdi.
Hisobot davrida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida jami 955 ta holatda 35,2 gektar yer maydonlari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Qonunbuzilish holatlariga nisbatan ko‘rilgan ta’sirchan choralar natijasida 749 ta holatda 6 gektar yer maydoni hamda noqonuniy qurilmalar fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.
Tahlillarga ko‘ra, yer qonunchiligiga rioya etish madaniyati tobora shakllanmoqda. Shu bilan birga, maqsadsiz foydalanilgan yer maydonlarini davlat zaxirasiga qaytarish ishlari ham tizimli ravishda olib borilmoqda. Xususan, 210 ta holat bo‘yicha 119,1 gektar yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarish yuzasidan taqdimnomalar kiritilib, 203 ta holatda 116,5 gektar yer amalda qaytarildi.
Nazorat ishlari sud organlari bilan hamkorlikda olib borilib, kiritilgan 21 ta da’vo arizasining 20 tasi qanoatlantirildi. Shu orqali kadastr organlarining tekshiruv va monitoring natijalari huquqiy jihatdan ham o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ijrosi doirasida Bosh prokuratura va Kadastr agentligi o‘rtasidagi “qo‘shma tartib” asosida 4 ta holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun materiallar prokuratura organlariga yuborildi.
Yer qonunchiligi buzilgan holatlar bo‘yicha ma’muriy ta’sir choralari ham qo‘llanildi. Birinchi chorak davomida 1084 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ulardan 244 nafariga 4 milliard 212 million so‘m jarima belgilandi. Shu bilan birga, qonunbuzilishlarni o‘z vaqtida bartaraf etgan 650 nafar shaxs bo‘yicha ma’muriy ishlar tugatildi.
Jarimalarni undirish ishlari ham tizimli ravishda davom etmoqda: 583,9 million so‘m ixtiyoriy undirilgan bo‘lsa, belgilangan muddatda to‘lanmagan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ Majburiy ijro byurosiga yuborildi.
Kadastr agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Ro‘ziqulovning ta’kidlashicha, yer resurslarini muhofaza qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bosqichma-bosqich natija bermoqda.
– Yer — bu faqat iqtisodiy resurs emas, balki davlat va jamiyatning strategik boyligidir. Shu bois har bir qarich yerdan samarali va qonuniy foydalanishni ta’minlash ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Olib borilayotgan nazorat ishlari orqali qonunbuzilish holatlarining oldi olinmoqda va yer munosabatlarida tartib mustahkamlanmoqda, – deydi Shavkat Ro‘ziqulov.
Mutaxassislar fikricha, yer resurslaridan oqilona foydalanishni kuchaytirish hududiy barqaror taraqqiyot va iqtisodiy samaradorlikning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri