“Ilk rivojlanish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Buxoro viloyatining Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh hududi hisoblangan Olot tumanida aholi, ayniqsa, yosh avlod manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yana bir muhim ijtimoiy tashabbus amalga oshirildi. Tumanda “Ilk rivojlanish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish yo‘lida muhim qadam tashlandi.
Mazkur markaz Olot tumanidagi 14-umumta’lim maktabining foydalanilmay turgan binosi negizida tashkil etildi. Qisqa muddat ichida binoda zamonaviy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, bolajonlar uchun yorug‘ va shinam xonalar, zarur o‘quv-uslubiy jihozlar hamda xavfsiz o‘yin maydonchalari yaratildi. Bu esa kichkintoylarning barkamol ulg‘ayishi, bilim va ko‘nikmalarni erta yoshdan shakllantirishi uchun qulay muhit hosil qildi.
[gallery-29586]
Markaz faoliyatining dastlabki bosqichida 60 nafar bola qamrab olindi. Ta’lim jarayonlari bir smenada, kuniga 4 soatdan tashkil etilib, bolalarning yoshi va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda tarbiyaviy hamda rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Bu orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish va maktab ta’limiga puxta tayyorlash maqsad qilingan.
E’tiborli jihati shundaki, markazda inklyuziv ta’lim tamoyillariga ham alohida ahamiyat qaratilgan. Alohida parvarishga muhtoj, imkoniyati cheklangan bolalar uchun uyga borib, individual ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa har bir bolaning ta’lim olish huquqi ta’minlanayotganini, hech kim e’tibordan chetda qolmayotganini anglatadi.
Markazning tantanali ochilish marosimida Olot tuman hokimi Nargiza Ne’matova, mahalla faollari, nuroniylar hamda ota-onalar ishtirok etishdi. Tadbir davomida so‘z olganlar bu kabi ezgu tashabbuslar jamiyat taraqqiyoti, aholi farovonligi va yosh avlod kamoli uchun muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari