Kasblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 23 ming nafardan ortiq yoshlar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Joriy yilda ularning 4918 nafari oliygohlarni bitirishi kutilmoqda. Yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash, ularni tanlagan kasbi bo‘yicha mehnat bozoriga yo‘naltirish va tadbirkorlikka jalb etish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylangan.
Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Sirdaryo viloyati hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “TalabaExpo–2026” kasb ko‘rgazmasi tashkil etildi. “Kelajakka qadam” dasturi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbir bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ko‘rgazmada viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining qariyb 4 ming nafar bitiruvchi talabalari ishtirok etishdi. 100 dan ortiq korxona va tashkilot tomonidan 800 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi. Shuningdek, talabalar uchun stajirovka imkoniyatlari, tadbirkorlik yo‘nalishlari va imtiyozli moliyaviy dasturlar haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan mutasaddilar yoshlar bandligini ta’minlash, ularni mustaqil hayotga tayyorlash va mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllantirishda bunday loyihalar muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
– Bugun mehnat bozori tez o‘zgarmoqda. Zamonaviy iqtisodiyot nafaqat bilimli, balki tashabbuskor, innovatsion fikrlaydigan va o‘z g‘oyasini amalga oshira oladigan yosh kadrlarga ehtiyoj sezmoqda. “TalabaExpo–2026” ana shunday iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ish beruvchilar bilan bevosita bog‘lash va startap tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bugun yoshlarimizda “men ish qidiruvchi emas, ish yaratuvchi bo‘laman” degan qarash shakllanayotgani quvonarli, – dedi “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Xoshimov.
[gallery-29581]
Uning ta’kidlashicha, bank tomonidan yoshlarning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozli kredit va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish, startaplarni moliyalashtirish bo‘yicha qator amaliy mexanizmlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va talabalarni tadbirkorlikka jalb etish borasida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik kengayib bormoqda.
Ko‘rgazmada nafaqat ish o‘rinlari, balki talabalar va yosh olimlarning innovatsion ishlanmalari ham namoyish etildi. Guliston davlat universiteti olimlari, tadqiqotchilari va izlanuvchi talabalari tomonidan tayyorlangan qator startap va innovatsion loyihalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– “TalabaExpo–2026” nafaqat bitiruvchilar uchun ish topish maydoni, balki innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish imkoniyatini yaratuvchi muhim platforma bo‘ldi. Universitetimiz talabalari va yosh tadqiqotchilari o‘z ishlanmalari bilan qatnashib, qator korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdi. Eng muhimi, yoshlarning startap g‘oyalarini imtiyozli kreditlar asosida qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yaratilgani ular uchun katta motivatsiya bo‘lmoqda, – deydi Guliston davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali professor-o‘qituvchilari va bitiruvchi talabalari ham ko‘rgazmada 35 dan ortiq innovatsion loyiha bilan ishtirok etdi. Ular orasida yong‘in sodir bo‘lganda avtomatik ravishda egasiga SMS xabar yuboradigan tizim, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish va qadoqlash texnologiyalari, sholi qobig‘idan kremniy oksidi olish hamda uni chinni va keramika mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llashga oid ishlanmalar alohida e’tiborga sazavor bo‘ldi.
Shuningdek, qurilish texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar tomonidan yengil, issiq va sovuqqa chidamli penoblok mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari ham taqdim etildi.
– Bugungi kunda filialda 4 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Joriy yilda 635 nafar talaba bitiruvchi hisoblanadi. Ularning aksariyati dual ta’lim tizimi asosida amaliyot o‘tab, korxonalar bilan bevosita ishlash tajribasini orttirmoqda. Ayrim talabalarimiz o‘qishni tugatmasdan turib ishga joylashmoqda. Bu esa ta’lim va amaliyot integratsiyasining samarasi, – deydi kimyoviy texnologiyalar kafedrasi katta o‘qituvchisi, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Mahkamov.
Ko‘rgazmada ishtirok etgan talabalar ham tadbir ular uchun muhim imkoniyat eshigini ochganini ta’kidlashdi.
– Men Guliston davlat universitetining bitiruvchisiman. O‘z qiziqishim va mutaxassisligim bo‘yicha ish izlayotgan edim. “TalabaExpo–2026” nafaqat men, balki ko‘plab talaba yoshlar uchun juda foydali bo‘ldi. Bu yerda biz biznes va tadbirkorlik haqida yangi bilimlarga ega bo‘ldik. Eng muhimi, g‘oyalarimiz qo‘llab-quvvatlanayotganini his qildik va o‘zimizga munosib ish o‘rinlarini topdik, – deydi talaba Gulnoza Qozoqboyeva.
Tadbir davomida 27 nafar talabaning biznes loyihalari ko‘rib chiqilib, istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, yoshlar uchun “soft skills”, shaxsiy brend yaratish va kasbiy rivojlanishga bag‘ishlangan seminar-treninglar ham tashkil etildi.
Viloyatning yetakchi tadbirkorlari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda yoshlarga biznes yuritish, innovatsion g‘oyalarni bozorga olib chiqish va zamonaviy mehnat bozori talablari haqida amaliy maslahatlar berildi.
Ma’lum qilinishicha, tadbir doirasida 1736 nafardan ortiq talaba bilan suhbat o‘tkazilib, qariyb 500 nafar bitiruvchi uchun ish o‘rinlari aniqlashtirildi.
Tashkilotchilar ta’kidlashicha, “TalabaExpo–2026” bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini belgilash hamda mehnat bozoriga samarali integratsiyasini ta’minlashda muhim platforma vazifasini o‘taydi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA