Yer maydonida qurilishga ruxsat olib berish uchun pora talab qilgan shaxs ushlandi
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan fuqarodan 840 ming AQSH dollari talab qilgan shaxs ushlandi. U Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi yer maydonida turar joy binolari qurishni hujjatlashtirib berishni va’da qilgan.
Aniqlanishicha, 1970-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi va bir nechta korxonalarga egalik qiluvchi shaxs murojaatchiga yordam berishni va’da qilgan. U Bo‘stonliq tumanida joylashgan, umumiy maydoni 9 gektar bo‘lgan noturar ob’ektning 4 gektar qismida turar joy binolari qurilishini qonuniylashtirib berishini bildirgan.
Shuningdek, u Kadastr agentligida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali mazkur ob’ektda turar joy binolarini qurish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va ruxsat olib berishga ishontirgan. Buning evaziga murojaatchidan avval 100 ming, keyinchalik esa yana 740 ming AQSH dollari, jami 840 ming AQSH dollari talab qilgan.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchi tumandagi restoranlardan birida murojaatchidan oldindan talab qilingan 100 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismi hamda 28-moddasi orqali 211-moddasining uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, firibgarlik va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish, shuningdek, jamiyatda qonuniylik muhitini mustahkamlash borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA