Buxoroda doira ustalari festivali bo‘lib o‘tdi
Buxoro shahridagi Labi Hovuz majmuasida joylashgan Ko‘kaldosh madrasasida Butunjahon nomoddiy madaniy meros kuniga bag‘ishlangan «Buxoro doira sadolari» festivali o‘tkazildi.
Milliy musiqa san’atini rivojlantirish, doira ijrochiligi an’analarini keng targ‘ib etish va yosh avlodning milliy musiqaga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan festivalda taniqli doira ustalari, viloyatda faoliyat yuritayotgan doirachilar hamda doira ansambllari ishtirok etdi.
Festival viloyat hokimligi, YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish yo‘nalishi, «Umrboqiy meros» O‘zbekiston madaniyati va san’ati markazi, viloyat Madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining viloyat bo‘linmasi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
[gallery-31887]
Tadbir yakunida festivalda faol ishtirok etgan doira ustalari va ijodiy jamoalarga viloyat hokimligi hamda hamkor tashkilotlar nomidan tashakkurnomalar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA