Tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolarga asbob-uskunalar topshirildi
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi «Qo‘rg‘ontepa» mahallasida 31 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va o‘zini o‘zi band qilishlari uchun to‘rt xil turdagi asbob-uskunalar topshirildi. Mazkur amaliy ko‘mak aholi bandligini ta’minlash, oilaviy daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan grant loyihasi doirasida amalga oshirildi.
— Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tomonidan ajratilgan davlat granti asosida amalga oshirildi. Eng asosiysi, tashabbus aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, fuqarolarning daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi, — deydi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Shavkat Abdurahmonov.

Asbob-uskunalarni topshirish tadbirida Sirdaryo viloyati «Tadbirkor ayol» xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi rahbari Barchinoy Usmonova, Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Shavkat Abdurahmonov, Sardoba tumani hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Botirov hamda Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Marvarid Kenjayevalar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida aholi bandligini ta’minlash, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va fuqarolarning mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lishida bunday tashabbuslarning ahamiyati ta’kidlandi. Topshirilgan asbob-uskunalar fuqarolarning o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, o‘zini o‘zi band qilishi va oilaviy daromadlarini oshirishi uchun muhim imkoniyat yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri