Yengil atletika: O‘zbekiston Osiyo chempionida 3-o‘rinni egalladi
Xitoyning Ordos shahrida yengil atletika bo‘yicha U23 yosh toifasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.
Qit’aning 20 dan ziyod davlatidan eng kuchli yosh yengil atletikachilar ishtirok etgan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 5 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza, jami 10 ta medal jamg‘arib, tarixiy natijaga erishdi.
Chempionatning so‘nggi kunida yengil atletikachilarimiz 2 ta oltin va 1 ta bronza medaliga ega chiqdi.
Mahoratli yengil atletikachimiz Amir Nagayev balandlikka sakrash bahslarida barcha raqiblarini ortda qoldirib, Osiyo chempionatining eng yuqori shohsupasidan joy egalladi.

Nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya etib kelayotgan samarqandlik Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida ishonchli chiqish namoyish etishi ortidan Osiyoning tengsiz yengil atletikachilaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Umidli sportchimiz O‘g‘iloy Norboyeva yetti kurash bahslarida bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston delegatsiyasining so‘nggi kunidagi muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shdi.
Umumjamoa hisobida Xitoy terma jamoasi 23 ta oltin, 17 kumush va 12 ta bronza medali bilan 1-o‘rinni, 7 ta oltin, 8 ta kumush, 7 ta bronza medaliga ega Yaponiya terma jamoasi 2-o‘rinni band etgan vaziyatda katta tarkibga ega Hindiston 3 ta, Qatar va Xitoy Taypeyi 3 tadan, Malayziya 1 ta Osiyo birinchiligining 1 tadan oltin medallarini qo‘lga kiritdi.

Xitoy sport maydonlarida iste’dodli sportchilarimiz Jonbibi Hukmova, Valeriya Gorbatova, Sharifa Davronova, Amir Nagayevlarning g‘alabasi evaziga Xitoy sport maydonida O‘zbekiston bayrog‘i yuksalib, madhiyamiz baralla yangragani mamlakatimiz yengil atletikasida yangi muvaffaqiyatlar davri boshlanganini ko‘rsatmoqda. Buni joriy yil Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari uchun o‘ziga xos yutuqlar poydevori qo‘yilganidan dalolat, deyish mumkin.
T. Ro‘ziyev, O‘zA