Dunyo kurashchilari Parijda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bellashadi
Fransiya poytaxti Parijda kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkaziladigan an’anaviy xalqaro turnirda Xalqaro kurash assotsiatsiyasiga a’zo mamlakatlarning eng kuchli sportchilari ishtirok etishi kutilmoqda. Musobaqa nizomiga muvofiq, turnirda har bir milliy federatsiyadan ikki nafardan erkak va ikki nafardan ayol sportchi ishtirok etishi mumkin.
Turnir joriy yilning 17-19-iyul kunlari o‘tkazilib, unda erkaklar -90, +90 kilogrammda, kurashchi xotin-qizlar -70, +70 kilo og‘irlikda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Parijning ramzi sanalgan Eyfel minorasi yonidagi sport maydonida o‘tadigan bellashuvlarning g‘olib va sovrindorlari nafaqat reyting ochkolari, balki mukofot pullari bilan ham taqdirlanadi.
Xususan, har bir vazn toifasida birinchi o‘rin sohiblariga uch ming, ikkinchi o‘rin uchun ikki ming va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilarga ming yevrodan mukofot pullari topshiriladi.
Musobaqalar doirasida milliy san’atimizning betakror jozibasi, madaniy merosimizning nodir jihatlarini o‘zida ifoda etgan milliy hunarmandchilik asarlari Parij ahliga hamda ushbu qadimiy shaharga tashrif buyurgan sayyohlarga namoyish etiladi.
Eslatib o‘tamiz, turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 30 ming yevroni tashkil etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA