Yelizaveta kumush medal sohibasi
Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi hamkorligida Xalqaro gimnastika federatsiyasi va Osiyo gimnastika ittifoqi shafeligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Gonkong, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar sportchilari g‘oliblik uchun bahslashdi.
Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish, ayniqsa, qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida qizlarga mos sport turlari, jumladan, badiiy gimnastika izchil rivojlanmoqda.
Mamlakatimizning barcha viloyatlarida gimnastika markazlari tashkil etilgan. Sport majmualari, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida badiiy gimnastika to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Ularda qizlar ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanib, sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘aymoqda, xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qila oladigan yetuk sportchilar bo‘lib tarbiyalanmoqda.
Bu poytaxtimizdagi Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida o‘tkazilgan badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionatida yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Uch kun davom etgan musobaqalarda shaxsiy va guruhlar o‘rtasida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha bahslar o‘tkazildi. Gimnastikachi qizlarning xalqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarishi, ijro mahorati, musiqa va ritmni his etishi, chaqqon va nafis harakatlari muxlislarga zavq bag‘ishladi.
Musobaqada Yelizaveta Nazarenkova shaxsiy ko‘pkurash bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Elizaveta Nazarenkovaning alohida predmetlarda bajargan mashqlari ham hakamlar tomonidan yuqori baholandi. U bulavada mashq bajarishda kumush, to‘pda va halqada mashq bajarishda bronza medallarni qo‘lga kiritdi.
– Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lganimdan behad xursandman, – deydi Ye.Nazarenkova. – Musobaqaning barcha ishtirokchilari jiddiy tayyorgarlikka ega gimnastikachilar. Bu kabi musobaqalar ulkan tajriba to‘plashimizga xizmat qiladi. Kelgusida jahon miqyosidagi musobaqalarda ham g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
Osiyo chempionatida Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Qozog‘iston gimnastikachilari ham g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
– Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida qatnashganimizdan xursandmiz, – deydi Hindiston terma jamoasi bosh murabbiyi Sanjivani Purnapatre. – O‘zbekiston badiiy gimnastika maktabi o‘zining boy an’analari va nomdor vakillariga ega. Mamlakatingizda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga havas qilsa arziydi.
Chempionat san’atkorlar ijrosidagi konsert bilan yakunlandi.