YeI yoki YeOII: Armanistonga tanlash uchun bir oy yetadimi?
Rossiya Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga tashqi siyosat yo‘nalishi - Yevropa Ittifoqi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida qaror qabul qilish uchun taxminan bir oy vaqt berdi. Agar Yerevan RF taklifini rad etsa, Moskva bosimning “ikkinchi, yanada jiddiy bosqichi”ga o‘tishi mumkin, deyilgan Armanistonda chiqadigan “Hraparak” gazetasi tarqatgan xabarda.
Manbalar vaziyatning bir necha ehtimoliy rivojini keltirgan. Masala Armaniston hukumati doirasida muhokama qilinmoqda.
Birinchi taxmin Rossiyada ishlaydigan Armaniston fuqarolari bilan bog‘liq. Ya’ni, Moskva arman mehnat muhojirlariga nisbatan tartibni kuchaytirishi va ularning ommaviy deportatsiyasiga yo‘l ochishi mumkin. Gazeta yuz minglab ishsiz fuqaro Armanistonga qaytishi jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammo keltirib chiqarishidan ogohlantirgan.
Ikkinchi qadam – Armanistonga havo qatnovini cheklash. Parvoz to‘xtatilishi yoki sezilarli darajada kamayishi sayyohlar oqimi sekinlashishi va chipta narxi keskin ko‘tarilishiga olib keladi. Qolaversa, manbalar bosim boshqa sohalar, jumladan gaz ta’minotiga ham ta’sir etishi mumkinligini tan olishyapti.
Parlamentdagi “Kuchli Armaniston” fraksiyasi rahbari Narek Karapetyan fikricha, mamlakat hozir RF tomonidan joriy etilgan cheklov tufayli iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolda. Uning bashoraticha, keyingi olti oy vaziyat yanada qiyinlashadi.

Karapetyan savdo aylanmasining 65 foizi Rossiya bilan bog‘liqligi, mamlakat rasmiylari ruslar bilan munosabatni yomonlashtirayotgani, YeI bilan ham yetarli darajada iqtisodiy hamkorlik yo‘qligini ta’kidladi.
Shuningdek, Rossiya Yerevandan dekabrgacha referendum e’lon qilishni talab қилмоқда.
– Armaniston dekabrgacha YeIga qo‘shilish yoki YeOIIdagi a’zoligini saqlab qolish bo‘yicha milliy referendum o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak, – dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin. – Agar referendum o‘tkazish chaqirig‘i shu vaqtgacha qabul qilinmasa, rahbarlar keyingi tegishli umumiy qadamlarni belgilashda ayni holatni hisobga olishadi.

7-avgust kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan YeOII hukumatlararo kengashi yig‘ilishida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ikki yirik iqtisodiy tuzilma o‘rtasida tanlov bo‘yicha referendum o‘tkazish ma’nosiz va mantiqsiz ekani, bu holatda fuqarolarga aslida mavjud bo‘lmagan savol berilishini aytgan. Shuningdek, YeI hali muqobil yo‘l emasligini ham tan olgan edi.
Xullas, Rossiya Armanistonga bir yo‘la ikki o‘rindiqda o‘tirib bo‘lmasligini yana bir bor eslatdi. Berilgan qisqa muddat esa shundog‘am ancha vaqtdan buyon amalda bo‘lgan bosimni yanada kuchaytiradi.
S.Rahimov, O‘zA