AQSH Polshadagi bazasiga 15 000 askar joylashtiradi
Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari aytishicha, Vashington 15 000 askarini mamlakatdagi doimiy bazaga joylashtirish imkoniyatini o‘rganyapti.
– Amerikaliklar keyingi ikki-uch oy ichida Yevropa bo‘ylab joylashuvni kuchaytirish imkoniyatini o‘rganadi, – degan u. – Doimiy baza yuzasidan qaror qabul qilinishi va biz bu haqda bilib olishimizga aminman. Oxir-oqibat yurtimizda 15 000 amerikalik askar joylashadi. Amerika qo‘shini uchun qo‘nalg‘a yaratish qiymati 4 milliard dollardan oshadi. Hozir mamlakatda 6500-7500 amerikalik askar bor.
Avvalroq AQSH Prezidenti Yevropaning ushbu davlatida Amerika armiyasi bazasi tashkil etish bo‘yicha sezilarli natijaga erishilganini aytgan edi.
– Do‘stim – Prezident Karol Navrotskiyning jasur rahbarligi tufayli Polshada AQSH harbiy majmuasini shakllantirish borasida dadil qadamlar qo‘yildi, – deb yozgandi u ijtimoiy tarmoq sahifasida.
Ta’kidlanishicha, agar loyiha amalga oshsa, joylashuv tafsiloti “juda tez orada” e’lon qilinadi. Tramp bu qarorni Vashington – Varshava ittifoqi uchun “tarixiy voqea” deb atagan.
S.Rahimov, O‘zA