YeCHL: 2-turdan so‘ng turnir jadvali qanday ko‘rinish oldi?
Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 2-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida 9 ta uchrashuv o‘tkazildi.
Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 2-tur uchrashuvlari keskin kurash va sermahsul bahslarga boy bo‘ldi. Turning markaziy o‘yinlaridan birida Fransiyaning «PSJ» klubi safarda Angliyaning «Manchester Siti» jamoasini 4:2 hisobida mag‘lub etdi. Madridning «Real» klubi esa Rimda «Roma» ustidan so‘nggi daqiqalarda irodali g‘alabaga erishdi.
«Etihad» stadionida o‘tgan bahsni parijliklar yuqori sur’atda boshladi. 13-daqiqada Dezire Due hisobni ochgan bo‘lsa, oradan ikki daqiqa o‘tib Usmon Dembele farqni oshirdi. 32-daqiqada Vitinya raqib darvozasini ishg‘ol etib, birinchi bo‘limdayoq mehmonlarning ustunligini mustahkamladi.
Tanaffusdan keyin «Manchester Siti» vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildi. 53-daqiqada Erling Holand hisobdagi farqni qisqartirdi. Biroq, 62-daqiqada Magnes Akliush «PSJ»ning to‘rtinchi golini kiritdi. 75-daqiqada Holand yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, dubl qayd etdi. Shunga qaramay, «PSJ» ustunligini saqlab qoldi va Manchesterdan uch ochko bilan qaytdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ning asosiy tarkibida maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. «Fleshscore» portali o‘zbekistonlik futbolchining o‘yinini 6,8 ballga baholadi. Dubl muallifi Holand esa 8,8 ball bilan jamoasining eng yuqori bahosini oldi.
Holandning mazkur uchrashuvdagi gollari uning Chempionlar ligasidagi ko‘rsatkichini ham yaxshiladi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, norvegiyalik hujumchining «Manchester Siti» safidagi gollari soni 38 taga yetgan. Ingliz klublari tarkibida ushbu musobaqada undan ko‘proq gol urgan futbolchi — «Liverpul»ning sobiq hujumchisi Muhammad Saloh bo‘lib, uning hisobida 47 ta gol bor. «Chelsi»ning sobiq hujumchisi Dide Drogba va «Manchester Siti»ning sobiq hujumchisi Serxio Aguero esa 36 tadan gol bilan keyingi o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.
Rimdagi «Stadio Olimpiko» stadionida kechgan «Roma» — «Real» uchrashuvi ham muxlislarga unutilmas lahzalarni taqdim etdi. Mezbonlar 20-daqiqada hisobni ochdi, oradan besh daqiqa o‘tib Kilian Mbappe muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘limda Doniell Malen 51 va 57-daqiqalarda gol urib, «Roma»ni 3:1 hisobida oldinga olib chiqdi.

Biroq, madridliklar uchrashuv yakuniga qadar kurashni davom ettirdi. 83-daqiqada Karlos Espi hisobdagi farqni qisqartirdi, 85-daqiqada Endrik muvozanatni tikladi. 90-daqiqada esa Antonio Ryudiger g‘alaba golini kiritib, «Real»ga 3 ochko keltirdi.
Ushbu bahsda gol urgan Kilian Mbappe Chempionlar ligasidagi gollari sonini 72 taga yetkazib, musobaqa tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Fransiyalik hujumchi «Real»ning sobiq futbolchisi Raulning 71 gollik natijasidan o‘zib ketdi.
Darvoqe, «Roma»ga qarshi uchrashuv Mbappe uchun Chempionlar ligasidagi 100-bellashuv bo‘ldi. Musobaqa tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida undan yuqorida Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Robert Levandovski va Karim Benzema bormoqda.

Turning yana bir sermahsul bahsida Angliyaning «Liverpul» klubi safarda Avstriyaning «LASK» jamoasini 6:3 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvda mehmonlar hujumdagi samaradorligi bilan ajralib turdi. Ronald Arauxo 22-daqiqada hisobni ochdi, Bredli Barkolya esa 24 va 37-daqiqalarda gol urib, dubl qayd etdi. Ikkinchi bo‘limda Jeremi Frimpong, Barkolya va Lyuis Kumas yana uchta gol kiritdi. «LASK» safida Robert Lyubichich va Florian Flekker javob gollarini urdi, Flekker dubl muallifi bo‘ldi.
Angliyaning yana bir vakili — «Aston Villa» Turkiyaning «Fenerbahche» klubini 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Yoxan Manzambi 12-daqiqada hisobni ochdi. Nikolas Jekson birinchi bo‘limda ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, dubl qayd etdi. Ikkinchi bo‘limda Ross Barkli ham ikkita gol urdi, 90-daqiqada Temmi Abraxam uchrashuvning so‘nggi golini kiritdi.
Qolgan uchrashuvlarda Ukrainaning «Shaxtyor» klubi Gretsiyaning «AEK» jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Mezbonlar safida Pedrino, Vinisius Tobias va Gleyker Mendosa gol urgan bo‘lsa, raqib jamoaning yagona to‘pi Lovro Mayer hisobiga yozildi.
Ispaniyaning «Betis» klubi Portugaliyaning «Portu» jamoasi ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. G‘oliblar safida Abde Ezzalzuli, Kucho Ernandes va Isko to‘p kiritdi. «Portu» tarkibida Gabriel Veyga va Samu Agexova gol muallifi bo‘ldi.
Norvegiyaning «Budyo-Glimt» jamoasi Dortmundning «Borussiya» klubini minimal hisobda mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi yagona golni 52-daqiqada Fredrik Sovold kiritdi.

Niderlandiyaning «Feyenoord» klubi esa o‘z maydonida Italiyaning «Komo» jamoasini 3:2 hisobida yengdi.
Shu tariqa, Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 2-turi o‘z yakuniga yetdi. Qayd etilgan natijalardan so‘ng, Fransiyaning «PSJ» klubi to‘plar nisbatiga ko‘ra turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Shuningdek, «Barselona», «Aston Villa», «Shtutgart», «Liverpul», «Sporting», «Arsenal», «Real» va «Betis» jamoalari ham 6 ochkodan jamg‘argan.
«Bavariya» va «Shaxtyor» klublari 4 ochkodan to‘plagan holda 10-11 o‘rinlarni band etgan. «Komo», «Manchester Yunayted», «Vilyarreal», «Atletiko», «Bryugge», «Manchester Siti», «Borussiya» Dortmund, «Lans», «AEK», «Leypsig», «Sabah», «Feyenoord» va «Budyo-Glimt» jamoalari hisobida 3 ochkodan mavjud va ular 12-25 pog‘onalarga taqsimlangan.
Shuningdek, «Roma», «PSV», «Viking» va «Fenerbahche» klublari bir ochkodan jamg‘argan holda 26-28 o‘rinlarda bormoqda. Hisobida, bitta ham ochko bo‘lmagan «Inter», «Portu», «Slaviya», «Napoli», «LASK», «Lill», «Galatasaroy» va «Slovan» jamoalari quyi o‘rinlarda qolmoqda.
Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining umumiy bosqichi 3-tur uchrashuvlari 20–22-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi:
20-oktabr, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:45 da «Sabah» — «Borussiya Dortmund» hamda «Fenerbaxche» — «Slaviya Praga» uchrashuvlari boshlanadi. Soat 00:00 da «PSJ» — «Barselona», «Manchester Siti» — «AEK», «Napoli» — «Budyo-Glimt», «Portu» — «PSV», «Roma» — «Slovan», «Liverpul» — «Vilyarreal» va «Shtutgart» — «Atletiko» jamoalari maydonga tushadi.
21-oktabr kuni 21:45 da esa «Komo» — «Manchester Yunayted» hamda «Lill» — «Galatasaroy» bahslari o‘tkaziladi. Tunda «Sporting» — «LASK», «Betis» — «Feyenoord», «Inter» — «Shaxtyor», «Bavariya» — «Arsenal», «Aston Villa» — «Viking», «Bryugge» — «Lans» va «Real» — «Leypsig» uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA