Yashnobodda aholi uchun munosib va xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov Yashnobod tumanida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, korrupsiyaning oldini olish, mahallalar obodonligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalarini o‘rgandi.
Tahlillarga ko‘ra, tumanda joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 642 jinoyat qayd etilib, shundan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 243 tani tashkil etgan. Voyaga yetmaganlar tomonidan 27, ayollar tomonidan 76, profilaktik hisobda turgan shaxslar tomonidan esa 44 jinoyat sodir etilgan.
Senator tumanning “Jarqo‘rg‘on” va “Cho‘lpon” mahallalarida bo‘lib, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatni o‘rgandi, “mahalla yettiligi” vakillari hamda fuqarolar bilan uchrashdi.

Unda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish, aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining holati, aholi uchun yaratilgan sharoitlar hamda hudud infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar jarayonida Prezidentimiz tomonidan joriy yil 3-sentabrda kambag‘allikni qisqartirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi.

Aniqlangan muammolar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va topshiriqlar berilib, ularning ijrosini ta’minlash, mahallalarda aholi uchun munosib va xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA