O‘zA AQSH va Kanadadagi vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Milliy axborot agentligida AQSHdagi nufuzli vatandoshlar tashkilotlaridan biri – “Vatan Global Alliance” rahbari Ozod Soliyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bugun jahon axborot makonida muayyan mamlakat haqida xolis, ishonchli ma’lumotni tezkor tarqatish, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Vatan Global Alliance” Qo‘shma Shtatlardagi vatandoshlarimiz tuzilmalari orasida faolligi bilan ajralib turadi. Tashkilot yetakchilari o‘z faoliyati doirasida okean orti o‘zbek diasporasi vakillari hamda yurtimizdan AQSHga borgan turli vazirlik, idora va hududlar delegatsiyalari ishtirokida uchrashuv, forum, ko‘rgazma va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratadi. Bunday muloqotlar natijasi o‘laroq, muntazam ravishda turli hujjatlar imzolanib, qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishiladi.
Uchrashuvda dastlab O‘zA tomonidan e’lon qilinayotgan diyorimiz hayotiga doir muhim xabarlar, davlat dasturlari sharhi, investitsiyaviy imkoniyat, turizm, madaniyat, ta’lim va boshqa muhim sohalarga oid rasmiy, ishonchli axborotni Amerika jamoatchiligiga yetkazish muhimligi qayd etildi.
O‘z navbatida, AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz hayoti, yutuqlari va tashabbuslari, yoshlarning ta’lim va kasbiy rivojlanish borasidagi muvaffaqiyatlari, tadbirkorlik va investitsiya loyihalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar haqidagi maqola, intervyu, foto va video mahsulotlar mamlakatimiz ahliga O‘zA sahifalari orqali taqdim etib boriladi.
E’tiborlisi, bu jarayon bir tomondan, xorijdagi vatandoshlar o‘lkamizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ishonchli manbadan tezkor axborot oladi, ikkinchi tomondan Shimoliy Amerikada o‘z salohiyati, bilimi va mehnati bilan tanilayotgan yurtdoshlarimiz faoliyati O‘zbekiston jamoatchiligiga yaqindan tanishtiriladi.
– AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti, xalqaro maydondagi tashabbuslari, madaniy-ma’rifiy hayotimizdagi yangiliklarni qiziqish bilan kuzatib boradi, – dedi “Vatan Global Alliance” rahbari Ozod Soliyev. – Shu ma’noda, Milliy axborot agentligi bilan bevosita hamkorlik o‘rnatilgani biz uchun ishonchli va tezkor axborot manbaiga ega bo‘lish nuqtai nazaridan juda muhim. Binobarin, masofa nechog‘li olis bo‘lmasin, inson tug‘ilib o‘sgan yurtidagi o‘zgarishlar, yangilik va jarayonlardan xabardor bo‘lib turishni istaydi. Buning uchun eng avvalo ishonchli axborot zarur. Qolaversa, okean ortiga yo‘l olgan vatandoshlarimiz orasida ilm-fan, ta’lim, biznes, tibbiyot, zamonaviy texnologiya singari ko‘plab sohalarda yuqori natijaga erishayotgan yurtdoshlarimiz bisyor. Umuman, O‘zA bilan yaqin sheriklik jarayoni ana shunday ikki tomonlama axborot almashinuvi uchun samarali maydon yaratdi.
Samimiy suhbat chog‘ida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy va samarali muloqot jarayonida zamonaviy media imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligini qayd etdi.
Yaqinda AQSHda bo‘lib o‘tgan “Millat Shavkati” kitobi taqdimoti doirasida imzolangan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va “Vatan Global Alliance” tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi asosida AQSHda O‘zA jamoatchi muxbiri faoliyati yo‘lga qo‘yilishi esa ummon ortida kechayotgan muhim jarayonlarni O‘zbekiston axborot makoniga uzatish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirish, bildirilgan takliflarni esa amaliy mexanizmga aylantirishga kelishib oldilar.
O‘tkir Alimov,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA